Bolaning ota-onasidan aliment undirishi qonun bilan belgilandi

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunida alohida norma belgilangan.
Umuman, ushbu qonun bilan Oila kodeksiga, Fuqarolik protsessual kodeksiga, O‘zbekiston Respublikasining "Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi, "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek, o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola bir vaqtning o‘zida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqli.
Qaror qabul qilishga vakolatli bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar ko‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak.
Oilada har qanday masala hal qilinayotganda bola o‘z fikrini ifoda etishga, shuningdek, har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama jarayonida so‘zlashga haqlidir.
Voyaga yetmagan shaxslar o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalari yuzasidan davlat organlariga, tashkilotlarga yoki ularning mansabdor shaxslariga ushbu Qonunda belgilangan tartibda mustaqil ravishda murojaat berishga haqli. Davlat organlari, tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan voyaga yetmagan shaxsning murojaatlarini ko‘rib chiqish uning qonuniy vakillari, shuningdek, vasiylik va homiylik organlari ishtirokida amalga oshirilishi mumkin. Voyaga yetmagan shaxslar to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmaganligi sababli ularning murojaatlarini ko‘rib chiqmasdan qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Murojaatda qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘z vakolatiga kirmaydigan davlat organlari, tashkilotlar, shuningdek, ularning mansabdor shaxslari murojaatni tegishli davlat organiga, boshqa tashkilotga yoki mansabdor shaxsga yoxud vasiylik va homiylik organiga yuborishi shart.
Ushbu qonun BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 12 va 13-moddalarini, shuningdek, Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitaning O‘zbekistonning milliy ma’ruzalarini ko‘rib chiqish natijasida berilgan tavsiyalarni amalga oshirishga qaratilgan.