Bo‘lgan voqea: Guvoh
Orifjon bir yumush bilan bolaligi o‘tgan qishlog‘iga bordi. Ishlarini bitirib bo‘lgach, yoshlikdagi do‘sti Murodni bir ko‘rib ketmoqchi bo‘ldi. Ancha yillardan beri ko‘rishmagan.
Tanish eshikdan ichkari mo‘ralab ovoz berdi. Lekin hech qanday javob bo‘lmadi. Shu yaqin oraga chiqqandir, degan o‘yda shundoq kiraverishdagi uyning derazasi yonida o‘rnatilgan o‘rindiqqa o‘tirib kuta boshladi.
Pastqam o‘ylar, hovli Orifjonning bolalik xotiralarini uyg‘otdi. Murod ikkalasi doim birga o‘ynashar, birga dars tayyorlashar, maktabga ham birga borib-kelishar edi. Do‘sti ota-onasiga yolg‘iz edi. Orifjon qachon kelsa, mana shu derazadan bo‘yini cho‘zib, do‘stini chaqirar, so‘ngra o‘ynagani chiqib ketishar edi.
Ammo keyinchalik bu hol yo‘qola bordi. Qachon do‘stini chaqirgani kelsa, uni ko‘zlari ko‘kargan, yig‘idan shishib ketgan bo‘lardi. Gohida esa: “Ey Xudo, otam bugun ichib kelmasin, onamni urmasin, o‘zing insof ber”, deb ko‘zlarida yosh bilan duo qilayotganining ustidan chiqardi.
Esida, Murodning bechora onasi kaltak yeya-yeya olamdan o‘tgan edi. Oradan qancha yillar o‘tib ketdi. Balki otasi ham bandalikni bajo keltirgandir. Qarovsiz huvillayotgan hovli miyasiga shu fikrni keltirdi.
Murodning o‘zi-chi, nima qilyapti ekan?...
Orifjon shunday xayollar og‘ushida ekan, ichkaridan ovoz eshitilganday bo‘ldi. O‘rnidan turib, ochiq derazadan yoshligidagi kabi ichkariga mo‘raladi. Mo‘raladiyu hayratdan qotib qoldi.
Do‘stining ayni o‘sha duo qiladigan o‘rnida keksa chol qo‘llarini titragan ko‘yi: “Ey Xudo, ishqilib bugun ichmasin-da, o‘zing insof ber o‘g‘limga, ey Xudo”, deb iltijo qilar, ko‘zlaridan sizib chiqayotgan yoshlar ajinlari oralab pastga yumalar edi. U Murodjonning otasi edi…
Hasan Abdiyev.