Bo‘lg‘usi muxbirlar “Mahorat maktabi”da toblandi

Viloyat "Matbuot uyi"da “Bosma nashrlarda yosh muxbirlarning o‘rni va roli” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, viloyat, shahar va tuman gazetalari muharrirlari, televideniye, gazetalar va internat sayti muxbirlari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi huzuridagi “Mahorat maktabi” tinglovchilari ishtirok etdi.

Tadbirda X.Salimov bugungi jurnalistika, sohani rivojlantirish uchun davlatimiz tomonidan yaratilayotgan sharoitlar, ayniqsa, yoshlarning erkin ijod qilishlari uchun boshlangan xayrli ishlarning izchil davom etayotgani, yosh muxbirlarning maqsadi bugungi axborot asrida axborot tarqatishni sifatli, xolis amalga oshirish sirlarini o‘rganish, o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llash ekani haqida to‘xtaldi.

Tadbir O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi huzuridagi “Jurnalistik mahorat maktabi” tinglovchilariga sertifikat berish marosimi bilan davom etdi.

Ta’kidlash lozimki, ushbu maktab “Zarafshon” gazetasi qoshida bundan 18 yil avval o‘z faoliyatini boshlagan. Ayni paytda bu maktab O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi huzurida faoliyatini davom ettirmoqda. Maktabda hozirga qadar 250 nafarga yaqin tinglovchi tahsil oldi. Ularning ko‘pchiligi respublika va viloyat bosma ommaviy axborot vositalarida, televideniye va radiokanallarda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Shuningdek, “Jurnalistik mahorat maktabi” davomchisi sifatida 16 ta shahar va tuman gazetalari tahririyatlari qoshida ijodiy to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yosh qalamkashlarga ijod sir-asrorlari o‘rgatilmoqda.

Mahorat maktabi 2023 yil dekabr oyida faoliyat boshlab, shu kunga qadar - 6 oy davomida tinglovchilarga viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan tajribali va taniqli jurnalistlar “Ustoz-shogird” an’anasi asosida dars berdi. Xususan, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik”, “Ovozi Samarqand” gazetalari tahririyati hamda Jurnalistlar uyushmasi a’zolari o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi, jurnalistikaning sir-asrorlarini o‘rgatdi.

Ijodiy darslar davomida milliy matbuotimiz tarixi hamda hozirgi jamiyatdagi o‘rni va roli, axborot janrlari: xabar, hisobot, intervyu, reportaj, badiiy-publitsistik janrlar: lavha, ocherk tayyorlash, notiqlik va nutq madaniyati, fotojurnalistika, videotasvir, montaj, matbuot xizmatining jamoatchilik bilan aloqasi kabi mavzular orqali jurnalistika o‘qitildi. Shuningdek, Samarqand teleradiokompaniyasi amaliy ish jarayoni bilan tanishtirildi.

Olti oylik kurs davomida “Mahorat maktabi” tinglovchilari tomonidan maxsus “Ziyo” o‘quv gazetasi tayyorlandi va chop etildi. Gazeta tayyorlanish jarayoniga tinglovchilarning o‘zlari mas’ul bo‘ldi va o‘zlarining tanqidiy-tahliliy, mulohazali materiallari jamlanib, chop etildi.

- Samarqand davlat universitetining filologiya fakulteti noshirlik ishi yo‘nalishida tahsil olaman, - deydi tinglovchilardan biri Go‘zal Xubbimova. – Jurnalistika sohasi, ayniqsa, gazeta muxbirligiga qiziqaman. Shuning uchun darsdan keyin “Mahorat maktabi”ga qatnadim. Bu yerda olgan amaliy saboqlarimiz universitetda olgan nazariy darslarimiz bilan uyg‘unlashib, jurnalistika nima ekanligini angladik. Dars mashg‘ulotlaridan keyin “Samarqand matbuot muzeyi”ga qilgan sayohatimiz bizga juda ko‘p ma’lumotlarni taqdim etdi. Olti oy davomida ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘ldik, o‘qib o‘rgandik.

Tadbir  davomida 13 nafar tinglovchiga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi qoshidagi “Jurnalistik mahorat maktabi”ni muvaffaqiyatli tugatganligi to‘g‘risidagi sertifikatlar tantanali tarzda topshirildi.

Husan Eltoyev.