Bosh mezon - “xalq prokuraturasi” maqomiga erishish
Viloyat prokuraturasi organlari faoliyatini tashkil etishda o‘tgan yili asosiy e’tibor qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qarorlari, shuningdek, uchrashuvlar va hududlarga amalga oshirgan tashriflarida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, tizimli kamchiliklar hamda aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etishga qaratildi.
Misol uchun, o‘rganishlar davomida Payariq tumani markazidagi beshta mahallada yashovchi aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmaganligi, mavjud tarmoq, suv inshooti va suv saqlash hovuzi yaroqsiz ahvolga kelib qolganligi aniqlandi.
Ma’lumot uchun, markazda 28 ming 72 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularni ichimlik suvi bilan ta’minlaydigan tarmoq, suv inshooti va suv saqlash hovuzi 1990 yillarda qurilgan bo‘lib, bugungi kunda yaroqsiz ahvolga kelib qolgan.
Muammoni hal qilish maqsadida ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, 41 ming 214 metr tarmoq tortish, suv inshooti va suv saqlash hovuzini rekonstruksiya qilish rejalashtirildi.
Loyiha davlat dasturi asosida qurilsa, qiymati taxminan 25,1 mmilliard so‘mni tashkil etadi. Shu sabab ob’yektni dasturga kiritish uzoq vaqt talab etishi inobatga olinib, loyihani ichki imkoniyatlar hamda hashar yo‘li bilan amalga oshirish, bunda qurilish materiali uchun ketadigan 5 milliard so‘mni ichki imkoniyatlardan kelib chiqib ajratilishi hamda qurilish ishlarini amalga oshirish tuman “Suvoqova” DUK ishchilari va mahallalarning ko‘ngillilarini jalb etish belgilandi.
Bundan tashqari, tuman “Suvoqova” DUK, obodonlashtirish boshqarmasi va “Yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi” texnikalaridan foydalangan holda qurilish ishlarini amalga oshirish rejalashtirildi. Shu asosda qurilish materiallari uchun qariyb 2 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Mustaqillik mahallasida 3700 metr, Alisher Navoiy nomli mahallada 3500 metr va Farovon mahallasida 1500 metr tarmoq tortildi.
Bundan tashqari, 1600 metr mavjud tarmoq ta’mirlanib, yangi suv tarmog‘iga ulandi. Natijada 217 ta xonadon toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Qayd etish lozimki, loyiha yakunida 28 mingdan ko‘proq aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanishi barobarida, 25,1 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilinishiga erishiladi.
Shovana - ishsizlikdan holi hudud
Qo‘shrabot tumanidagi bu mahallada o‘tgan yili “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi.
Beshta qishloqdan iborat mahallada 956 ta xonadon, 1250 ta oila bo‘lib, 5298 nafar aholi istiqomat qiladi. Bog‘dorchilik (uzumchilik)ka ixtisoslashgan hududda 2913 nafar mehnatga layoqatli aholidan 102 nafari ishsiz edi.
O‘tgan yili 26 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirilib, 40 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 159 nafari o‘zini-o‘zi band qildi, 30 nafariga esa tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga amaliy yordam ko‘rsatildi. Natijada mahalla ishsizlikdan holi hududga aylantirildi. Xususan, “Uychi tajribasi” asosida 48 ta ehtiyojmand oilaga 2500 ta tovuq bepul, 111 fuqaroga 1 milliard 600 million so‘mlik kredit mablag‘lari evaziga 15 mingga yaqin tovuq tarqatildi.
“Sayxunobod tajribasi” asosida 40 nafar fuqaroga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun 20 gektar yer maydoni ajratilib, sug‘orish tizimi uchun 2 ta artezian quduq o‘rnatildi.
Yil davomida ijtimoiy daftarlarda turgan 118 fuqaroga 98 million so‘mlik turli yordamlar ko‘rsatilib, 131 fuqaroga 2,3 milliard so‘m bank krediti olishida ko‘maklashildi. Bundan tashqari, 15 nafar shaxsga 150 million so‘mlik asbob-uskuna uchun subsidiya ajratildi.
Mahallada tikuvchilik sexi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 20 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi.
Hududda aholining turmushini yaxshilashga qaratilgan yana boshqa ishlar ham amalga oshirildi. Jumladan, 8 kilometr asosiy va ichki yo‘llar asfaltlashtirildi, 40 kilometr ichki yo‘llarga qum-shag‘al yotqizildi, 3,7 kilometr piyodalar yo‘lagi barpo etilib, 133 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Har qishloqda bittadan “Workout” sport maydonchasi qurildi.
Bunyodkorlik ishlari davomida mahalliy byudjet va homiylar hisobidan 2,4 milliard so‘m sarflanib, mahalla binosi barpo etildi. Bino kutubxona va ma’naviyat markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mahalladagi 8, 9, 16 va 35-maktablar 1,7 milliard so‘mga joriy ta’mirlandi. “Shovana” oilaviy poliklinikasida ham 480 million so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, 22 turdagi tibbiy va yumshoq jihozlar berildi, 5 kVt quyosh paneli o‘rnatildi.
Aslida bu kabi ishlarni yana ko‘plab sanash, misol keltirish mumkin. Aytmoqchi bo‘lganimiz esa bitta – bugun tizimda ishlayotgan har bir xodim bosh mezon “Xalq prokuraturasi” maqomiga erishish ekanligini his etib mehnat qilmoqda.