Bosh vrach deputat so‘roviga nega javob bermadi?
Deputatlik so‘rovi shunchaki so‘rov emas. Har bir so‘rovda xalq dardi namoyon bo‘ladi. Bunga ko‘pchilik rahbarlar e’tiborsizlik bilan yondashadilar. Unda ko‘tarilgan masala yoki muammo bilan aksariyat hollarda shug‘ullanishmaydi.
- 2019 yil 9 aprelda Payariq tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi vazifasini bajaruvchi Dilmurod Jo‘rayevga uchinchi sonli deputatlik so‘rovi jo‘natdik, - deydi xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Alisher Muqimov. - Mazmuni shunday: Tumanda oliy ma’lumotli hamshiralarga e’tibor qanday? Ular o‘z vazifasida faoliyat ko‘rsatyaptimi? Bugungi kunda ular necha nafarni tashkil etadi?
Oradan shuncha vaqt o‘tyaptiki, javob yo‘q. Deputat - xalq vakili. U odamlarni qiynab kelayotgan muammo yoki yechimini topmayotgan masalani ko‘tarib chiqadi. Bugun rahbarlar mas’uliyatni o‘n karra oshirib ishlashi kerakligini davrning o‘zi taqozo qilmoqda. Afsuski, ayrim rahbarlar haliyam mudrab yuribdi.
Joriy yilning 10 iyun kuni D.Jo‘rayevning qabuliga shu masala bo‘yicha yana kirdim:
- Dilmurodjon hurmat bilan sizga deputatlik so‘rovi yuborgan edik, oradan shuncha vaqt o‘tsa hamki lom-mim demayapsiz?
- Aka, ishlarimni sal epaqaga keltirib olay, javob beramiz, - dedi.
Katta tibbiyot birlashmasining boshlig‘i shunday deb turgandan keyin boshqalardan nimani kutish mumkin? Ayting, natija bo‘lmasa, so‘rovni yuborishdan nima foyda? Shuncha deputat so‘rovi yubordik, deb bong urishdan nima ma’ni?
Bugungi kunda tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida oliy hamshiralik ishi fakultetlari mavjud. Albatta, bundan maqsad tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishdan iborat. Biroq sohada qiladigan ishlarimiz hali ancha. Dilmurod Jo‘rayevga deputatlik so‘rovini yuborishdan maqsad ham shu edi.
Alisher Muqimovning kuyib-pishganicha bor. Deputatlik so‘rovlariga ayrim rahbarlarimizda haliyam munosabat o‘zgarmagan.
- Deputatlar so‘rovni yuborishga yuboradi, - deydi O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Payariq tumani kengashi raisi M.Do‘stbekov. - Ammo natijasi bo‘lmasa hammasi bekor. Partiyamiz deputatlari yilning o‘tgan davri mobaynida ellikdan ziyod deputatlik so‘rovlari yubordi. Shundan 15 tasiga umuman javob yo‘q.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, bugun odamlarning ongi o‘zgargan. Endilikda aholi o‘z muammolari bilan bir qatorda loqaydlik, ildiz otayotgan illatlar, rivojlanishga g‘ov bo‘layotgan o‘zibo‘larchilik, sansolarlikni kasb qilib olgan ayrim mutasaddilar to‘g‘risida ochiq-oydin, hech kimdan hadiksiramasdan gapirmoqdalar. Demak, rahbarlar aholi tomonidan beriladigan murojaat bo‘ladimi, deputat so‘rovi bo‘ladimi atroflicha javob berishga majburdirlar.
Husniddin XOLDOROV.
Tahririyatdan: Kimnidir qoralash fikridan yiroqmiz. Ammo bu o‘rinda deputatlar ham, siyosiy partiyalar ham o‘z faoliyatlarini qayta ko‘rib chiqishlari zarurligini aytib o‘tish lozim. Negaki, deputat yoki siyosiy partiyalar davlat idoralari tomonidan deputat so‘roviga javob berilmayapti, deb diydiyo qilib o‘tirishlari mutlaqo noto‘g‘ri. Tabiiy savol tug‘iladi: nega tegishli doimiy komissiya yoki partiya deputatlik guruhlari yig‘ilishida bunday mas’uliyatsiz rahbarlarning hisobotlari tinglanmaydi? Yoki ularga nisbatan ta’sirchan chora ko‘rish uchun hudud prokuroriga nima uchun taqdimnoma kiritishmagan? Qonunda deputat so‘rovlari Kengashlarning sessiya yig‘ilishlarida ko‘rib chiqilishi mumkinligi belgilanganligini nahotki bilishmasa?
Mahalliy kengashlar tegishli hududning oliy organi. Unga hududdagi barcha davlat va nodavlat tashkilotlari hisobdor. Bu mexanizmning amalda ishlashi esa faqat deputatlar faolligiga bog‘liq.