Oliy Majlis deputati tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ida mo‘’jazgina kutubxona ochdi

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev o‘zi tug‘ilib o‘sgan joy – Yangiyo‘l tumani Qo‘shyog‘och qishlog‘ida mo‘jaz kutubxona ochdi. Bu haqda u o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.

U bu haqdagi postida qo‘yidagi gaplarni yozgan:

“Maktablarga kitob ulashish bahonasida anchadan beri niyat qilib yurgan ishni qildik.

AQShda odamlar gavjum yerlarda kichik uychali kutubxonalarni ko‘rgandim. Shundan beri bu xayolimni band qilib yurgandi.

Kecha yomg‘ir bo‘lishiga qaramay do‘stlarimizning ko‘magi bilan o‘zim tug‘ilib o‘sgan Yangiyo‘lning Qo‘shyog‘och hududi markaziga mo‘jaz uychali kutubxona o‘rnatdik. Nomini mini, makro, siti deb o‘tirmay hammaga tushunarli qilib “Kichik kutubxona” deb atab qo‘ya qoldik.

Undan har kim cheklovsiz, bepul foydalanishi mumkin. Sharti faqat o‘qib bo‘lgach, keltirib qo‘yish. Biz odamlarga shunchaki ishonamiz!

Kitoblarning barchasi shaxsiy kutubxonamdan hozircha”.

Deputat Rasul Kusherbayevning ushbu ishini ko‘rib, izlagan, albatta imkon topishiga yana bir bor amin bo‘ldik. O‘ylaymizki boshqalar ham undan o‘rnak oladi.