Qo‘shrabotda 70 nafarga yaqin vrachga ehtiyoj bor
Keyingi yillarda Qo‘shrabot tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy shifoxona binosi ta’mirlanib, zamonaviy mebel jihozlari va tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Bu ishlar chekka hududlardagi qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda ham davom etmoqda. Ammo binolar yangicha ko‘rinishga ega bo‘lib, zamon talablari asosida jihozlangani bilan tibbiy xizmat sifatini oshirib bo‘ladimi?
- Yo‘q, bu bilan tibbiy xizmat sifatini oshirib bo‘lmaydi, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ulug‘bek Shamsiyev. – Zamonaviy tibbiy uskunalardan to‘g‘ri foydalanish kerak. Buning uchun esa malakali mutaxassislar zarur. Tumanimizda oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlariga ehtiyoj katta. Bugungi kunda tibbiyot muassasalarimizda 142 nafar shifokor mehnat qilmoqda. Ulardan 18 nafarini 30 yoshgacha, 22 nafarini 60 yoshdan 70 yoshgacha, 4 nafarini 70 yoshdan oshganlar tashkil qiladi. Bu aholisi 132 ming nafarga yaqin bo‘lgan, boz ustiga tarqoq joylashgan tuman uchun yetarli emas, albatta. Umuman olganda, 67 ta vrachlik ish o‘rni bo‘sh turibdi.
Keyingi yillarda tibbiyot kollejlarini bitirib, ishsiz yurgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu muammo Qo‘shrabotda ham bor.
- Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli shifo maskanlarida 832 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat yurityapti, - deydi U.Shamsiyev. – Ularning 265 nafari 0,5, 126 nafari esa 0,75, qolganlari to‘liq shtat birligida ishlab kelmoqda. Tibbiyot kollejlarini bitirgan va mutaxassisligi bo‘yicha ish so‘rab murojaat qilgan 170 nafar yigit-qiz ishga qabul qilish uchun ro‘yxatga olingan. Ular navbati bilan, sinov asosida ishga joylashtirilmoqda. Bu masalaning yechimi bo‘yicha ish o‘rinlarini o‘rganganimizda oilaviy sharoiti yaxshi bo‘la turib, nafaqa yoshida ham ishlab yurgan ayollar borligi aniqlandi. Ular o‘z o‘rinlarini yoshlarga bo‘shatib berishni istamaydi. 28 nafar xotin-qiz esa kichik tibbiyot xodimi sifatida ishga kirish uchun navbatda turibdi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan ustuvor vazifalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, Samarqand davlat tibbiyot instituti bitiruvchilarini ishga jalb qilish va maqsadli ordinatura orqali vrachlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplashni mo‘ljallayapmiz.
Shuningdek, “Qo‘shrabot” qishloq vrachlik punkti uchun yangi bino quriladi. Qovunchi, Quvkalla, Pangat va Jonbuloq qishloqlaridagi tibbiyot muassasalarida kapital ta’mirlash ishlari bajariladi. Pangat va Quvkalla mahallalarida tez tibbiy yordam shoxobchalarini tashkil qilish va avtomashina bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Dilnoza Hasanova.