Botga murojaat: “Boshimiz ustida” bino qurib yuborishdi, bu qonunga mosmi?
Tahririyatga Samarqand shahri, Galaosiyo mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolar murojaat qilishdi. Aytilishicha, mahalladagi Islom Karimov ko‘chasi, 1-yo‘lakdagi xonadonlarda F.Muxtorov, M.Muxtorov va S.Saidmurodovlar o‘z xonadoni old tomonida qurilgan yangi bino sababli aziyat chekmoqda.
“Hovlilarimiz katta yo‘lning yoqasida joylashgan. Shundoqqina uylarimiz ro‘parasidan katta yo‘l yoqasida 4 qavatli bino qurilyapti. Binoning derazalari ham ko‘chaga, ham bizning hovliga qaratib o‘rnatilgan. Balandligi sababli hovlida bemalol yurib bo‘lmaydi. Eng yomoni, quyosh nuridan ham pana bo‘lib qoldi. Bino egasiga ham, mahalla raisiga ham bir necha marta tushuntirdik, foydasi bo‘lmayapti.
Bu yerda o‘zi 4 qavatli bino qurish mumkinmi? Buning uchun tegishli joylardan hujjat olinganmi? Qonun bo‘yicha bino qurilishida qo‘shnilarning roziligi olinishi kerak edi. Bu qonun bekor bo‘lib ketganmi? O‘ylaymizki, shahrimizda bu savollarga javob beradigan mutasaddilar bor. Murojaatimizni o‘rganib chiqishlaridan umidvormiz”.