Botga murojaat: Ikki kundan buyon 20 ta ko‘p qavatli uyda suv yo‘q
Samarqand shahri, Bog‘iston mahallasi, Navoiy shoh ko‘chasida joylashgan 33-maktabgacha ta’lim tashkiloti yonida ichimlik suv quvuri yorilib, atrofni suv bosayotganligi bois suv yopib qo‘yilgan.
Mana ikki kundirki, shu atrofdagi 20 dan ortiq ko‘p qavatli uylarda yashovchi yuzlab fuqarolar suvsiz qolgan.
Suv quvuri 33-MTT yonidagi mahalla uchastka inspektori uchun qurilgan xizmat uyining ostidan yorilgan, deyishyapti. Shu bois ishchilar shu sovuqda yerni qo‘lda kovlab, haligacha quvurning yorilgan joyini topishgani yo‘q.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi, IIB xodimi uchun kommunikatsiya tarmoqlari o‘tgan yerdan xizmat uyi qurishga kim yoki qaysi tashkilot ruxsat bergan?
Mutasaddilar esa masala bilan jiddiy shug‘ullanish u yoqda tursin, ikki kundan buyon aholiga mashinada suv olib kelishni ham o‘ylamayapti.
Sizlardan shu muammoni yoritib, uni bartaraf etishda tezkor amaliy yordam ko‘rsatishingizni so‘raymiz.
Samarqand shahar, Navoiy shoh ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchilar.