Bozorda un va un mahsulotlarining taqchilligiga yo‘l qo‘ymaslik va narxlar barqarorligini ta’minlashga viloyat hokimlari va prokurorlari mas’ul va javobgar etib belgilandi
Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda mutasaddilarga 1 avgustga qadar 20 ta don korxonasidagi davlat ulushini savdoga chiqarish, bir oy muddatda don korxonalari qoshida tashkil etilgan non sexlari va savdo do‘konlarini xatlovdan o‘tkazib, savdoga chiqarish vazifasi topshirildi.
“Viloyat hokimlari va prokurorlari yaxshilab eshitib olsin. O‘zgarishlarni bahona qilib, joylarda un ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirib yuborish, narx-navoni asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘yishga “sabotaj” deb, siyosiy baho beriladi.
Shu bois, viloyat hokimlari va prokurorlari don korxonalarining mavjud ishlab chiqarish hajmlarini saqlab qolishga “boshi bilan” javob beradi”, dedi Prezident.
Bu borada viloyat hokimlari, ichki ishlar va prokuratura organlari rahbarlariga ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilib, yangi islohotlarning mazmun-mohiyati, qanday choralar ko‘rilishi va rejalari bo‘yicha tushuntirish berish vazifasi qo‘yildi.