Bozorlarda qishin-yozin sarxil meva-sabzavotlar bo‘ladi

Samarqand tumani hokimligi tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan yirik sovutkichli omborxonalarga press-tur tashkil etildi.
"Navobod" mahallasida joylashgan “Ansarjon Agro Saxovat” fermer xo‘jaligida har biri 200 tonnagacha sig‘imga ega 13 ta sovutkichli omborxona bor. Ularda mavsumga qarab, turli meva-sabzavotlar yig‘iladi hamda eksportga tayyorlanadi.
- 13 gektar yerda bog‘ va uzumzorimiz bor, - deydi xo‘jalik ish yurituvchisi Orifbek Qorabekov. - Ammo biz faqat ulardan olinadigan hosilga qarab qolganimiz yo‘q. Omborxonamizda Samarqand va boshqa viloyatlarda yetishtiriladigan eng sara qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yig‘iladi. Bu yerda ularni qadoqlab, xorij davlatlariga eksport qilamiz.
Fermer xo‘jaligi mustaqil transport logistikasiga ega. 8 ta maxsus jihozlangan yuk tashuvchi mashinalar mahsulotning o‘z manziliga sifatini yo‘qotmay, qisqa fursatda yetkazish imkonini beradi. O‘tgan yili undan birgina Rossiya Federatsiyasiga 2,5 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.
- Xorijda qora kishmish va toyfi navli uzumlarimizga talab ortib bormoqda, - deydi O.Qorabekov. - Bundan tashqari, Samarqandning shirali qovuni, tarvuz, sabzavotlar ham xaridorgir. Xitoy texnologiyalari bilan jihozlangan omborxonalarimiz bu mahsulotlarni 3 oydan 6 oygacha sifatini buzmay saqlash imkonini beradi. Demak, xoh u xorij, xoh mahalliy bozor bo‘lsin, doim sifatli meva va sabzavotlar yetkaziladi.
Tumanning "Nurobod" mahallasidagi “Lutfiya Amina uzumzorlari” fermer xo‘jaligi tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmadi. Shunday bo‘lsa-da, unda allaqachon mahsulotlarni xorijga eksport qilish boshlangan.
- Turkiya texnologiyasi asosida qurilgan 500 tonna sig‘imga ega sovutkichli omborxonamiz bor, - deydi xo‘jalik raisi Zafar Ismoilov. - Biz mahsulotni hozircha faqat Rossiyaga eksport qilyapmiz. Ko‘plab dehqon xo‘jaliklari bilan kelishuvga erishdik. Faoliyatimiz kun sayin rivojlanib bormoqda. 14 nafar mahalla aholisini ish bilan ta’minladik. Shuningdek, har kuni 20-30 nafar, yig‘im-terim vaqtida esa 100 nafargacha fuqarolarni mavsumiy ishlarga jalb qilamiz.
Asqar Barotov.