Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru tarafdorlari Oliy sudni qamal qildi

Braziliya prezidentining minglab tarafdorlari 7 sentyabr – mamlakat mustaqilligi kunini Oliy sudga bostirib kirish bilan nishonlashdi. Olomonni ushlab turish uchun politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatishga majbur bo‘ldi.

Yil davomida Braziliya prezidentining reytingi keskin pasaya boshladi: pandemiyaga qarshi samarasiz kurash va Oliy sud bilan qarama-qarshilik unga qarshi ish bermoqda.

"Biz endi Konstitutsiyaga zid bo‘lgan chora, harakat va dalillarga toqat qilmaymiz", dedi Jair Bolsonaru.

Jair Bolsonaru Hindistonning Covaxin vaksinasini sotib olishda korrupsiyada va saylovlar qonuniyligiga putur yetkazuvchi soxta xabarlarni nashr qilishda ayblanmoqda.

"Unga hukmronlik qilishga yo‘l berishmayapti! Braziliyani Oliy sud boshqarmoqchi. Ammo biz uni tanlamadik. Biz Bolsonaruni tanladik!", deydi Braziliya prezidenti tarafdorlaridan biri.

Iyul oyida Oliy sud Bolsonaruga qarshi jinoiy ish ochish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bunga javoban mamlakat rahbari sud tizimini davlat islohotiga to‘sqinlik qilishda aybladi.

Natijada jamiyat ikkiga bo‘lindi. Shu kuni Braziliya prezidentining muxoliflari ham yurish uyushtirdi.