Braziliyada tartibsizliklar: Oy oxirigacha mamlakat poytaxtida favqulodda holat e’lon qilindi
Braziliya prezidenti Luiz Inasiu Lula da Silva namoyishchilar qator hukumat binolariga bostirib kirgan mamlakat poytaxtida tartib o‘rnatishga federal kuchlarni jalb qilishni buyurdi.
"Globu" telekanaliga ko‘ra, federal kuchlardan foydalanish haqidagi buyruq 31 yanvarga qadar amal qiladi.
“Operatsiyadan ko‘zlangan maqsad — poytaxt federal okrugida davlat binolarini tortib olish bilan birga jamoat tartibini buzishga chek qo‘yish”, deya farmondan parchalarni keltirdi Prezident.
Bundan tashqari, davlat rahbari tartibsizliklar uchun qattiq jazo berishni va’da berdi. U, shuningdek, politsiyaning harakatlarini tanqid qilib, buni "yoki noloyiqlik xizmat yoki yomon niyat" deb hisobladi.
Avvalroq Braziliyaning sobiq prezidenti Jair Bolsonaroning minglab tarafdorlari parlament, Oliy sud va davlat rahbari qarorgohiga bostirib kirgan edi. Namoyishchilar poytaxtda bir-biriga yaqin joylashgan ushbu hukumat binolari atrofidagi politsiya himoyasini buzib o‘tishdi. Shu bilan birga, "Globu" portali ta’kidlaganidek, ba’zi politsiyachilar sodir bo‘layotgan voqealarga xotirjam munosabatda bo‘lishgan, hatto namoyishchilar bilan suratga tushishgan.
Qurbonlar va jiddiy to‘qnashuvlar haqida ma’lumotlar yo‘q. Prezidentning o‘zi tartibsizliklar vaqtida poytaxtda bo‘lmagan.
Bolsonaro tarafdorlari uning o‘tgan yilgi saylovlardagi mag‘lubiyatini tan olishmayapti va muntazam ravishda sobiq prezidentning hukumatga qaytishini talab qilib, norozilik namoyishlari o‘tkazib kelmoqda.
Yanvar oyi boshida Braziliyada yangi prezident Luis Inasiu Lula da Silvaning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tgan edi. Bolsonaro mamlakatni tark etgani sababli marosimda qatnashmadi.