Bronxial astmaga chalingan bemorlar bahorda qanday tavsiyalarga amal qilishlari kerak?

Bahor - qator mavsumiy kasalliklar avj oladigan davr. Ayniqsa, ko‘klam faslida allergiyaga moyil bemorlar nafas yo‘llari xastaliklari, xususan, bronxial astma xurujlaridan ko‘proq aziyat chekishlari mumkin.

Xo‘sh, bu qanday omillar bilan bog‘liq? Kasallik qaysi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi? Samarali muolaja usullari bormi?

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Nargiza Aydarova shu haqda ma’lumot berdi.

- Bronxial astma - nafas yo‘llarining surunkali yallig‘lanishi hisoblanadi, - deydi mutaxassis. - JSST ma’lumotlariga ko‘ra, hozir dunyo bo‘yicha 300 million kishi bu kasallikdan aziyat chekyapti. Har yili ulardan 450 ming nafari hayotdan ko‘z yummoqda.

Bronxial astmani asosan genetik moyillik, atopiya, nafas yo‘llari giperreaktivligi, tashqi va uy allergenlari, chekish, respirator infeksiyalar, bahorgi gul changlari va ayrim oziq-ovqat hamda dori vositalari keltirib chiqaradi.

Xastalik quruq yo‘tal, nafas qisish xurujlari, hansirash, ko‘krakda og‘irlik hissi kabi simptomlar bilan namoyon bo‘ladi. Bu holatlar asosan, tunda yoki erta saharda kuzatilib, ko‘pincha dori ta’sirida ortga qaytadi.

Nafas qisilganda, tananing diafragma sohasida kuchli og‘riq kuzatiladi. Xuruj yo‘tal tutishi bilan birga kelib, bronxlar ichki yuzasidagi balg‘am chiqarib tashlangach, bemor ahvoli birmuncha yaxshilanadi.

Agar bemor o‘z vaqtida davolanib, shifokor ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilsa, bronxial astmani to‘liq nazorat qilsa bo‘ladi. Natijada kasallik alomatlari uzoq vaqt zaiflashadi.

Muolaja davrida astma xurujlariga turtki bo‘lgan allergen bilan aloqani cheklash lozim. Ya’ni, xona havosini tez-tez almashtirish va changlarni artish, havo tozalagichlar va konditsionerdan foydalanish, namlagichlarni qo‘llash tavsiya etiladi.

Turli zararli hasharotlar, ayniqsa, suvaraklarni yo‘q qilish talab qilinadi. Yungli gilamlardan voz kechish, allergiya qo‘zg‘atmaydigan choyshabdan foydalanish hamda parhez qilish zarur.

Hozir markazimizda bu turdagi xastaliklar ilg‘or usullarda aniqlanib, samarali davolanmoqda. Xususan, zamonaviy referens-laboratoriyamizda xalqaro standartlarga muvofiq allergologik tekiruvlarning "oltin standarti" asosida molekulyar allergologik diagnostika o‘tkaziladi. Ya’ni bir vaqtning o‘zida yuzlab allergenlarga sensibilizatsiya tashxislanadi.

Joylarda ham bu borada salmoqli yutuqlarga erishilyapti. Jumladan, tegishli grant loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi orasida bronxial astmaning molekulyar-genetik markerlar yordamida personallashtirilgan klinik davolash protokollarini ishlab chiqish ustida ish olib borilmoqda.

Bu sa’y-harakatlarimiz kelgusida bronxial astmaga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirish borasida yangi imkoniyatlarni taqdim etadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.