Bu hafta joylarda kuchli yomg‘ir va kuchsiz qor yog‘adi, harorat -8 darajagacha pasayadi
"O‘zgidromet" xabariga ko‘ra, 17 va 18 yanvar kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha beqaror ob-havo saqlanib turadi.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda kuchli bo‘lishi mumkin, shimolda yog‘ingarchilik bo‘ladi.
Havo harorati kechasi +3…+8, kunduzi +5…+10, ba’zi joylarda havo ochiq bo‘lganda +12 darajagacha, shimolda kechasi -3…-8, kunduzi -3…+2 daraja atrofida bo‘ladi.
Respublika bo‘yicha 19 yanvar kuni ertalabga yomg‘ir jadalligi pasayishni boshlaydi, lekin kunduzi sovuq front o‘tishida ayrim hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.
Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida kechasi va ertalab ba’zi joylarda biroz qor yog‘adi. Respublika bo‘yicha havo harorati kechasi -3…+2, kunduzi +5…+8 darajagacha pasayadi.
20 yanvar kuni O‘zbekistonda havo harorati kechasi +3…-2, kunduzi +7…+10 daraja iliq bo‘lgan quruq va biroz bulutli ob-havo kutilmoqda.
21 yanvar kuni O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizidan biroz nam va nisbatan sovuq havo massasi kirib keladi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin, shimolda kam miqdorda qor yog‘adi.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.
18-19 yanvarda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamolning tezligi sekundiga 17-22 metrgacha kuchayishi kutilmoqda. Tog‘li hududlarda qor va yomg‘ir, vaqti-vaqti bilan bu yog‘ingarchiliklar kuchli bo‘ladi.