Bu hafta yurtimizda havo harorati yanada pasayadi va yomg‘ir yog‘adi

"O‘zgidromet" xabariga ko‘ra, ertaga, 5 oktyabr kuni aksariyat viloyatlarda tekis harorat fonida quruq va kam bulutli ob-havo saqlanib turadi, faqat shimoliy hududlarga Kavkazdan yana sovuq va kuchsiz havo massalari kirib keladi.

O‘zbekistonda yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

6 oktyabr kuni ushbu havo massasi respublikaning markaziy va sharqiy tumanlariga ta’sir ko‘rsatadi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlarida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi. Havo massalari Farg‘ona vodiysiga o‘tishi davrida yomg‘irlar jadalligi kuchayadi, ushbu hududda biroz yomg‘ir yog‘ib o‘tadi.

5-6 oktyabrda shimolda va cho‘l hududlarining ba’zi joylarida shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

Havo harorati kechalari 5-10 daraja iliqni tashkil etadi, kunduz kunlari 13-15 daraja iliqqacha pasayadi.

Chorshanba kuni yomg‘ir yog‘adi, hududlarning katta qismida kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda va harorat yana 17-20 daraja iliqqacha ko‘tariladi.

Ammo quruq va nisbatan iliq ob-havo uzoq davom etmaydi. 8 oktyabr kuni respublika hududiga Kaspiy dengizining janubiy qirg‘og‘idan yana nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Ushbu kunlarda havo harorati yana 13-15 daraja iliqqacha pasayadi.

Ayrim kunlarda haroratning ko‘tarilishiga qaramay, o‘rtacha bu hafta ushbu davr me’yoridan 5-7 darajaga sovuqroq bo‘ladi.