“Bu qizni zo‘rlab uzatishmi yoki urf-odat?” nomi ostida tarqalgan video yuzasidan ma’lumot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Bu qizni zo‘rlab uzatishmi yoki urf-odat?” nomi ostida tarqalgan video tasvir yuzasidan Xorazm viloyati IIB ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 15 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video tasvirda go‘yoki ota-ona o‘z qizini majburlab turmushga berishayotganligi aks etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, video tasvirdagi holat bundan besh yil ilgari Xorazm viloyatining Gurlan tumanidagi qiz uzatish to‘yidan olingan jarayon bo‘lib, turmushga chiqayotgan qizning o‘zini bunday tutishi shu hududda yashovchi aholining mahalliy urf-odatlari sirasiga kirishi ma’lum bo‘ldi.

Vaholanki, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan kelin va kuyov ixtiyoriy ravishda, tomonlarning roziligi bilan nikoh qurishgan va bugungi kunda baxtli hayot kechirishmoqda.

Shu o‘rinda, Xorazm viloyati IIB fuqarolarni o‘zgalarning shaxsiy hayotiga oid audio, video va foto mahsulotlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishdan tiyilishga chaqirgan.