Bu shifoxonada bemorlar ixtiyoriy davolanmaydi

Mazkur shifoxonadagi bemorlarning to‘liq tuzalib ketishiga ko‘pchilik ishonmaydi. Shunday fikr shakllangan. Bemorlar davolanish uchun o‘z ixtiyori bilan kelishi ham kamdan-kam uchraydi. Bu esa davolashning nechog‘lik murakkabligini ko‘rsatib turibdi. Ammo mavjud qarashlardan farqli o‘laroq muassasada davolanib hayotini yo‘lga qo‘yib olganlar ham bor.


Har zamon viloyat narkologiya dispanseriga kelib, bemorlarga tushlik yo biror bir yordam ko‘rsatib, o‘zining kimligini bildirmay ketadigan bir inson bor. Uning kimligini shu dispanserda ishlovchi ba’zi xodimlardan boshqa hech kim bilmaydi.

Bir paytlar ichkilikka mukkasidan ketgan bu odamni davolanishga majburlab olib kelishgan. Davolanib, yana ikki-uch oydan keyin qaytib kelavergan. Shunday davolanishlarning birida u o‘ziga, hayotiga yaxshiroq nazar soldi. Hammasiga nuqta qo‘yaman, hayotimni boshqatdan quraman, degan xulosaga keldi va… o‘z so‘zida turdi. Bugun bu inson katta tadbirkor, haqiqatan ham o‘zi istaganiday hayotni qura oldi. Bir paytlar davolanishiga ko‘makchi bo‘lgan shifoxonaga kelib, muhtoj bemorlarga yordam beradi.  Muassasada bunday taqdirlar haqda juda ko‘p bilishadi.

Tushunganingizday, suhbatimiz inson irodasi bilan bog‘liq kasallik deb hisoblaydiganimiz narkologik xastaliklar haqida. Suhbatdoshimiz – Respublika ixtisoslashgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand mintaqaviy filiali direktori Nargiza Kenjayeva buturdagi xastaliklar, bemorlar bilan ishlash, umuman, biz bilmagan  jihatlar haqda so‘zlab berdi.

- Hatto sohadan uzoq odam ham narkologiya desa, bir seskanadigan, murakkab deb hisoblaydigan bu soha ishlash oson bo‘lmasa kerak...

- Narkolog vrach sifatida ish boshlaganimda ham eng og‘ir hudud sanalgan joyda ishlaganman. Ya’ni, o‘sha hududda men ishlagan yillar ichkilikka, giyohvand moddalarga ruju qo‘ygan insonlar juda ko‘p edi. Ularni davolash, profilaktika ishlarini olib borishimga to‘g‘ri kelgan. Kasbimni yaxshi ko‘rganim uchun, qiyinchiliklar bilinmagan. Ushbu dargohda bosh shifokor sifatida faoliyat yurita boshlaganimda ham qo‘rquv bo‘lmagan. Aksincha, sohani yanada yaxshilash uchun nimalar qilish kerakligi haqida o‘ylaganman.

Birinchi navbatda, imkon boricha, bemorlarga shart-sharoitlarni yaxshilashga harakat qilganmiz. Bu yerda turli toifadagi bemorlar bor. Ayniqsa, majburiy davolanayotganlar orasida tibbiyot xodimlarini qo‘rqitish yo‘li bilan o‘ziga qaratish, javob berishga undash holatlari uchraydi. Bu esa har bir xodimni har qadamda hushyor bo‘lishga undaydi

Markazimiz ikki bo‘limdan iborat bo‘lib, ambulator bo‘lim Sug‘diyona maskanida joylashgan. Unda narkologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatiladi, transport vositalari haydovchilarining mastlik holatlari aniqlanadi, muolajalar o‘tkaziladi.

Ikkinchi bo‘lim Farhod shaharchasidagi Shirin mahallasida joylashgan 240 o‘ringa mo‘ljallangan shifoxona bo‘lib, uning 100 o‘rni bemorlarni majburiy davolash uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, ixtiyoriy davolanuvchilar uchun bo‘lim, qolaversa, mastlik holatidagi shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish va reabilitatsiya punkti ham mavjud.

Bunda mastlik holati bilan tushgan shaxslar 3 soatdan 12 soatgacha vaqt mobaynida hushyor holatga keltiriladi, keyin roziligiga qarab davolanadi.

- Narkologik moddalarga ruju qo‘yganlar soni oshyaptimi kamayyaptimi?

-  Bundan bir necha yillar avval narkologik kasallikka chalinganlar soni 10 ming nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, ayni paytda ushbu kasallik bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganlar 5 ming nafar.

Umuman, narkologik kasalliklar umumiy tushuncha hisoblanadi. Asosiy bemorlar surunkali alkogolizm va giyohvandlikka ruju qo‘yganlar hisoblanadi.

O‘tgan asrning o‘rtalarida kishilar anglamasdan turli psixofaol dori vositalarini kasalliklarni davolash maqsadida istemol qilgan. Yengillik his qilish maqsadida ushbu psixofaol moddalarni surunkali ravishda qabul qilish oqibatida, giyohvandlik kasalligi rivojlangan. Psixofaol moddalarga ehtiyojning oshishi o‘z o‘rnida noqonuniy narkobiznesning rivojlanishiga olib kelgan. G‘araz maqsadlarda katta miqdordagi pul topgan shaxslar, giyohvand vositalarining sintetik turlarini ishlab chiqargan. Sintetik giyohvandlik vositalarining ayrim turlari, bir yoki ikki marta iste’mol qilinishi zahoti qaramlikka olib kelib, o‘ta og‘ir asoratlar bilan kechadi.
- Nega odam spirtli ichimlikka bog‘lanib qoladi? Yoki giyohvand moddalarga?

 - Bunday bog‘liqlikning omillari ko‘p. Bular biologik, psixologik va ijtimoiy omillar sanaladi. Farzandlar tarbiyasi ham muhim. Bolaning kun tartibini qat’iy belgilash uning mustaqil rivojlanishiga xalaqit beradi. Yoki teskari, umuman bolaga vaqt ajratmaslik uning ahamiyatsiz ekanligiga olib kelishi mumkin. Ikkala vaziyatda ham o‘smirlar o‘ziga boshqa yo‘llar qidirib, turli guruhlarga qo‘shilishi va psixofaol moddalarni istemol qilishga o‘tib ketishi kuzatiladi.

Ota-onalar o‘smirlarning yurish turishidagi o‘zgarishlar, kiyinishi va kiyimlaridagi dog‘lar, cho‘ntaklarida tabletka va shunga o‘xshash narsalarning bo‘lishi, terida ineksiya izlari va o‘zini noodatiy tutishi kabi belgilarga juda ahmiyatli bo‘lishlari lozim.

Bunday holatlar kuzatilsa albatta narkolog maslahatiga olib borish lozim. Xalqimizda narkologiya muassasalariga murojaat qilishda tortinish holatlari kuzatiladi. Bu noto‘g‘ri tushuncha. Hech qanday shubhalarsiz narkolog maslahatiga borish kerak. Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonunda bemorlarning har tomonlama dahlsizligini ta’minlash qatiy belilab qo‘yilgan. Ya’ni bemorlarning shaxsiy ma’lumotlari, oilaviy ahvoli va kasalligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor etilmaydi.

- Keyingi paytlarda aptekalarda sotiladigan dorilarga qaramlik holatlari ham uchrayotgani xavotirli. Buning oldini olish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

- Giyohvandlikka qarshi kurashish uchun davlat dasturlari tuzilgan. Unga ko‘ra mamlakatimizda giyohvand moddalarning tarqalishi keskin kamaydi. Noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar qat’iy jazolanmoqda.

Shunga qaramasdan, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat va yurtimiz orqali giyohvand moddalarning boshqa davlatlarga o‘tkazish, fuqarolarning kasallikka chalinish holatlari kuzatilyapti. Bundan tashqari hozirgi kunda turli, ayrim nevrologik kasalliklarda ishlatiladigan dori vositalarini notibbiy yo‘l bilan iste’mol qilinishi natijasida zaharvandlik kasalliklari kuzatilyapti.

Bularning oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sirga ega moddalar aylanishini tartibga solish to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra pregebalin, tropikamid kabi kimyoviy jihatdan kuchli ta’sirga ega 78 xildagi dori vositalari va kimyoviy moddalar O‘zbekiston Respublikasi hududida noqonuniy aylanishi hamda notibbiy maqsadlarda iste’moli ta’qiqlangan.

  Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.