Bu yilgi test sinovlari yopiq maydonlarda o‘tkazilishi aytilyapti, Samarqandda test sinovlari qaysi binolarda bo‘ladi?
Ushbu savolga Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati shu’basi mudiri Vohid Sirliboyev javob berdi:
- Bu yil ham test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha viloyat hokimligi tomonidan ikki xil variantda ochiq va yopiq maydonlar reja-chizmalar tayyorlandi. Bu yilgi kirish test sinovlarini 2023 yil 17 may kuni o‘tkazilgan videoselektor majlisida Bosh vazir A.Aripov tomonidan joriy yilda yopiq binolarda o‘tkazishga tayyorgarlikni 1 iyulga qadar nihoyasiga yetkazish vazifasi viloyat hokimliklariga yuklatildi. Hozirda Samarqand viloyatida katta sig‘imli yopiq binolar – SamDU akademik litseyi sport zali, Jismoniy madaniyat fakulteti sport zali, Samarqand sport o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabining 4 ta sport zallari, Samarqand ixtisoslashtirilgan olimpiya zahiralari maktab internati 3 ta sport zallarida o‘tkazish rejalashtirilib, tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tishimiz kerak, ijtimoiy tarmoqlarda 92 ta yopiq binolarda o‘tkazilsa, shaffoflik qay darajada ta’minlanadi mazmunidagi savollar paydo bo‘ldi. Yopiq binolar degani OTMlar yoki maktablar binolari emas, balki, katta sig‘imli pavilon hamda sport zallari nazarda tutilyapti. Bu bo‘yicha 2018, 2019 yillarda kirish test sinovlari o‘tkazilgan, yetarlicha tajriba to‘plangan, abituriyentlarga soya, salqin pavilonlarda barcha sharoitlar yaratiladi.