Bugun taniqli shoira Xosiyat Bobomurodova tug‘ilgan kun

Xosiyat Bobomurodova 1950 yilda Xatirchi tumanida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Shuhrat” medali, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi. Toshkent davlat pedagogika universitetining matematika fakultetini tamomlagan. Ko‘p yillar Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limida mas’ul kotiblik qilgan.
Shoiraning “Samarqandga maktublar”, “Qalb titrog‘i”, “Vatan yagonadir”, “Jonimning egasi”, “Bormisan, o‘zbek” va yana bir qator she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

***

Mening toleimga Samarqandda yashash baxtini bergan Allohga shukrlar bo‘lsin! Yer yuzining istalgan nuqtasida “Men Samarqandlikman!” deb mag‘rur aytishga haqqim bor!

***

Allohim, shukurlar bo‘lsinki, SO‘Z degan dargohing bor. Shukrlar bo‘lsinki, qalbimga bu dargoh diydori nasib etmish. Bu dargohdan tergan injularim birla qalbimni ta’rif etdim. Onamga, otamga mehrimni izhor qilmoq saodatiga musharraf bo‘ldim. Men Vatanni madh etsam, qo‘shilib hamma sevdi. Men raqibni fosh qilsam, hamma uni yomon ko‘rdi.
Men yor sevsam, undan boshqa hamma ishondi. Dili ishqdan yaralar qo‘shilib yig‘ladi. Bolalarim vujudiga mehrimga qo‘shilib, rizqiga qo‘shilib, so‘zlarim ham indi. So‘zlarim allaga aylangan chog‘da butun dunyo orom oldi.
Shunday so‘zlarni topdimki, kuldirdim, yig‘latdim, ohlar urdirdim, tavba qildirdim, ishontirdim, ovutdim...
Tangrim, meni so‘z izlash azobiga muyassar etganing uchun shukur. So‘zlarni yenganim sari menikiga aylandi. Yengolmagan so‘zlarga asir bo‘ldim. G‘oliblik va mag‘lublik aro yashayman to so‘nggi damgacha...
Yurakni ishqqa topshirmoq – shoirning qismati. Endi azoblarga tayyor tur, ko‘ngil. Goho yolg‘iz yuragimizni gapimizga ko‘ndirolmay azob chekamiz. Millionlab yuraklarga umid bermoq, ularni boshlamoq, naqadar azobligini tasavvur qila olasizmi?!
***
Alloh qalbimizga so‘zga asir bo‘lmoqni ravo ko‘rdi. Va, barcha yuraklarni so‘z bilan asir etmoqni buyurdi.
***
Umrim so‘zlar orasida o‘tdi. Bu jangdan yutib chiqqanlarim qaysi so‘zlar ekan, bilmadim, bilganlar aytar...
***
Yaxshini yaxshi deb hamisha aytish mumkin. Yomonni yomon deb aytish uchun yomonga aylanishing kerak.
***
Agar kunlar do‘st bo‘lsa, oramizga suqulib kirmasdi. Kunba kun sendan meni uzoqlashtirmasdi.
***
Menga seni topib bergan o‘sha yo‘llarda yana adashsaydim... O‘sha adashish uchun dunyoga yana qaytib kelsa bo‘ladi.
***
Sangzordagi xarsangga “jonim”, deb yozilgan. Diliga ishq tutashsa, tosh ham jonim deb aytarkan-a?!
***
O‘zingni, g‘ururingni, qadringni yo‘qotishga rozimisan, o‘t, o‘taqol ishqning ostonasidan.
***
Yana qachongacha chidaysan, chidam?!
***
Mening yukim yengildir, eng og‘iri ko‘ngildir.
***
Mening yig‘laganim ularga yoqmas, ularning kulgani menga yoqmaydi.
***
Eng yomoni yoningdagi dushmaningga sen yomonsan, deb aytolmaslik.
***
Qalbingni birovga berish - ixtiyoriy qullikka rozi bo‘lishdir.
***
Shuncha baxtiyorlikdan so‘ng, qanday yig‘layin.

***
Menda jon qoldimi, holingni ko‘rib,
Qo‘shilib ingraydi mingbir jon tolam,
Yoshini yashagan men onang turib,
Sening joning nega og‘riydi, bolam?

Men baxtni kutganday kutganman seni,
To‘lg‘oqlarni yengib tutganman seni,
Qil ko‘prikdan olib o‘tganman seni,
Sening joning nega og‘riydi, bolam?

Ketdim sen tomon, giryona bo‘lgancha,
Zor-zor yig‘larman, parvona bo‘lgancha,
Tosh bo‘lsam bo‘lmasmi, ona bo‘lgancha,
Sening joning nega og‘riydi, bolam?

Nihollarim omon o‘ssin-da, erkam,
Ofatlar yo‘lini to‘ssin-da, erkam,
Tog‘ bo‘lib, to‘fonni kessin-da, erkam,
Sening joning nega og‘riydi, bolam?

Og‘riqlar jismingdan yomon o‘tadi,
Meni bosib, so‘ng sen tomon o‘tadi,
Bitsa hamki, mendan hamon o‘tadi,
Sening joning nega og‘riydi, bolam?

Og‘risa, itlarning boshi og‘risin,
Manmanlarning kibr toshi og‘risin,
Hasadning ko‘ziyu qoshi og‘risin,
Sening joning nega og‘riydi, bolam?

Boryapman uyingga, kulib chiq, bir bor,
Kasalning boshiga ilib chiqqin dor,
Ortingda tog‘ing bor: men bor, otang bor,
Sening joning nega og‘riydi, bolam?

Xosiyat BOBOMURODOVA.