Bugun tug‘ilgan kun

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Hamida Karimova 1938 yil 3 fevralda Samarqand shahrida tug‘ilgan.

1962 yilda Samarqand davlat universiteti o‘zbek va tojik filologiyasi fakultetini tugatgan va aspiranturada o‘qigan.

«Saodat», «Sharq yulduzi», «Zvezda Vostoka» jurnallari, «O‘zbekiston madaniyati» (hozirgi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi), «Zarafshon» gazetalarida she’rlari chop etilgan.

Hamida Karimova tarjimonlik bilan ham jiddiy shug‘ullanadi. Hasan Elsevarning «Viqorli go‘zal» pesasini ozarbayjon tilidan o‘zbek tiliga, Orif Gulxaniy va Olimjon Orifiy she’rlarini o‘zbek va rus tillariga, Orif Hojining she’rlarini rus tiliga, yana qator rus ijodkorlarining she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Ijodkorning «Ko‘ngil daftari», «Qo‘sh kokil», «Uchqunlar» she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
Quyida shoiraning she’rlaridan bahramand bo‘lasiz.

Ko‘ngilginam
Buncha nozik bo‘lmasang, ey bebaho ko‘ngilginam,
Toshbag‘irlar ta’rifinda bedavo ko‘ngilginam,

So‘zda bo‘lsa zarra og‘u sanchilar xanjar bo‘lib,
Nozikoy holingga buncha ko‘p jafo, ko‘ngilginam.

Zindadil tuyg‘ularingni anglamaydi hamma ham,
Kir yuraklar bilmagay shafqatni, o, ko‘ngilginam,

G‘amda sen ketsang yonib, parvo qilurmi yotlar?
Bu hayot pastliklaridan qil havo, ko‘ngilginam.

Olmagin o‘zingga, kulsa alvastilar modasi,
Sen baland tut boshginang, shudir ravo, ko‘ngilginam.

Gul va xor birga o‘sibdir bu chamanda, g‘am yema,
Sen nafosat bog‘i uzra qil navo, ko‘ngilginam.

Garchi keksa bu vujud, demangiz «keksa matoh»,
Bu hayot ishqi azaldan senga jo, ko‘ngilginam.

***
Jondan aziz O‘zbekistonim,
Bayroqdoring bo‘lolsam edi.
Sen – hayotim, sharafim, shonim,
G‘ururdek tik tutolsam edi...

Bormi bundan sharafim yumush?
Jasoratdek dadil hilpira.
Bundan faxrliroq bormi ish?
Tong yuragi bo‘lib parpira.

Yuraklarga o‘t yoqsang, alqar,
Elimizda jasuru mardlar,
Iftixor-la boqadi xalqlar,
Bu bayroqqa yuqmasin gardlar.

Tonggi shafaq misoli yorqin
Yosh qalblarga indirsin huzur.
Sendan har yon taralgan yolqin,
O‘lkam uzra taratolsin nur.

Keksayganda...
- Bu dunyoda inson uchun ne zarur?
- Orom, rohat, xotirjamlik, farog‘at.

Ming shukurki, ko‘ngil mulki bozormas,
Yetkazolmas oqillarga jarohat.

Qarindoshdan yaxshi qo‘shni ming afzal,
Yuz-ko‘zidan yog‘iladi malohat.

Qo‘l ko‘ksida, yuzi quyoshday ochiq,
Nur sochadi, dil beg‘ubor – alomat.

Ba’zi xeshu aqrabolar – begona,
Qo‘ni qo‘nji to‘la baxil, adovat.

Ne ham deysiz, ular o‘zi biladi,
O‘z kuniga o‘zi bo‘lsin salomat.

Shuhrattalab, obro‘talab ba’zilar,
Bolalagay jussasida qabohat.

Baxtim shuki, manglayim silab, Alloh,
Umr – nurposh, shudir ulug‘ saodat.