Bugun tug‘ilgan kun

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Azim Suyun 1948 yil 22 fevralda Payariq tumani Nakurt qishlog‘ida dunyoga kelgan.

O‘rta maktabda tahsil olgach, Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida o‘qigan. G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvida mas’ul kotib, «Xalq so‘zi» gazetasida bo‘lim muharriri, «O‘zbekiston ovozi» va «Golos O‘zbekistona» gazetalari bosh muharriri bo‘lib ishlagan.

Uning ijodi o‘tgan asrning 60-yillari oxiri va 70-yillar boshida boshlangan. «Mening osmonim» (1978) nomli birinchi she’rlar to‘plami bilan kitobxonlarga tanilgan.
Shundan keyin shoirning o‘nga yaqin she’riy to‘plamlari va bir qator dostonlari chop etilgan. Jumladan, «Zarb», «Zamin taqdiri», «Xayolot», «Ziyo ko‘li», «Javzo», «Olis tonglar», «Kuyganim-suyganim», “Ey do‘st” kabi she’riy to‘plamlari o‘quvchilarning sevimli kitoblariga aylangan.

Ayniqsa, uning «Sarbadorlar» fojiasi, «O‘zbekiston», «Bir tomchi suv dengizga aylangan kecha yoki Imorat» kabi dostonlari mashhur.

Shoir «O‘zbekiston» dostoni va bir turkum she’rlari uchun Abdulhamid Cho‘lpon nomidagi birinchi xalqaro mukofotga (1991) sazovor bo‘lgan,.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir 2020 yil 9 mart kuni olamdan o‘tdi.

***
Ang‘iz o‘sgan yerlarda
Ang‘iz o‘sgan yerlarda otlar bevaqt o‘lmagay,
Yaxshi bo‘lsa ayollar erlar yuzi so‘lmagay.

Qaysi yurtda chinakam botir bo‘lsa yigitlar,
O‘shal yurtning ellari yovlarga qul bo‘lmagay.

Ot minmagan ot minsa, chopa-chopa o‘ldirar,
Bog‘ ko‘rmagan bog‘ ko‘rsa, payhon qilar, so‘ldirar.

Hushyor bo‘lgil, jon elim, elday saqla elingni,
Yovlaringga yo‘l bersang, poymonangni to‘ldirar.

Bosh kesilsa, yoronlar, sochga motam tutilmas,
Qon qusilsa, yoronlar, ichga suvdek yutilmas.

Qay bir millat tuprog‘in toptar ekan makkor yov,
O‘zligin bilganlarning baxti aslo butunmas!

Arg‘umoqlarga mining, g‘olib qilich yor bo‘lsin!
Bu dunyoda har kimning o‘z Vatani bor bo‘lsin!

1978