Bugun tug‘ilgan kun

Shoira Xosiyat Bobomurodova 1950 yil 2 may kuni Samarqand viloyatining Xatirchi (hozirgi Navoiy viloyati) tumani Ibn Sino jamoa xo‘jaligida tug‘ilgan.

 

U 1966 yilda o‘rta maktabni tugatib, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida o‘qigan.

1967 yildan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, 1975 yildan maktabda direktor bo‘lib ishlagan. 1983-1989 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Navoiy viloyati, 1990-2003 yillarda Samarqand viloyati bo‘limlarida mas’ul kotib lavozimida, 2003-2005 yillarda «Zarafshon» nashriyoti direktori bo‘lib ishlagan.

Shoiraning “Daryodan qatra”, “Oq yo‘l turnalar”, “Samarqandga maktublar”, “Men uzgan gullar”, “Bormisan, o‘zbek”, “Jonimning egasi”, “Vatan yagonadir”, “Kelin salom”, “Mag‘rurlik sabog‘i”, “Qizilqum malikalari”, “Samarqand sanamlari”, “Qirq o‘g‘lon qissasi”, “Sahrodagi jannat”, “Sensiz”, “Gul yomg‘iri”, “O‘quvchi odoblari” kitoblari chop etilgan.

“Shuhrat” medali sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Xalq ta’limi a’lochisi.

***

Xayrlashgim kelmas

Seni izlab o‘zim keldim tog‘,

Ko‘rsang ko‘ksim ilma teshik, dog‘

Suya meni, qo‘llagil, shu chog‘,

Xayrlashgim kelmas sen bilan.

 

Ey, tog‘, lola ko‘kartirgan tosh

Boychechaklar ko‘tarmoqda bosh,

Nega mening ko‘zlarimda yosh,

Xayrlashgim kelmas sen bilan.

 

Bilmam, ertam oqmi, qoradir,

Bag‘rim o‘tdir, bag‘rim yaradir.

Ezilgan dil yig‘lab boradir,

Xayrlashgim kelmas sen bilan.

 

Har so‘z yuragimning bitta jur’ati,

Har she’r hayotimdan uzilgan bir gul.

Har satr ruhimning bitta surati,

Har she’rim bir dardkash izlagan ko‘ngil.

 

Angladim, ermakmas, havasmas ular,

Xosiyatning qaddin tiklagan qirq jon.

Yo men yiqilaman, yo so‘zlar qular,

Har biri ko‘ksimda kechgan bir isyon!

* * *

Dilimdan to tilimgacha so‘z,

Oyog‘imdan qo‘limgacha so‘z,

Tangrim, so‘zdan aylama judo,

Hayotimdan o‘limgacha so‘z…

 

Dunyosiga yo‘g‘u borimni,

So‘zim bilan aytib ketaman.

Tinglamasa tilim zorimni,

Ko‘zim bilan aytib ketaman.