Bugun tug‘ilgan kun: G‘ulom O‘rolov

G‘ulom O‘rolov - 1961 yilda Bulung‘ur tumanining Erganakli mahallasida tavallud topgan.

Umrining mazmunini “Bulung‘ur hayoti” gazetasi bilan bog‘lagan hamkasbimiz o‘zining mulohazakor, dolzarb mavzudagi maqolalari bilan elga tanilgan. Uning “Armonli dunyo” kitobi nashrdan chiqqan.

Ajoyib ijodkor, talabchan muharrirni muborak 60 yoshi bilan qutlaymiz.

***

Ibrat

Hayotim davomida juda ko‘plab mehr-oqibat, vafo-sadoqat haqida kitoblar o‘qiganman, kinofilmlar tomosha qilganman. Ish faoliyatim davrida ham ko‘plab oliyjanobliklar guvohi bo‘lganman. Lekin o‘tgan yildagi o‘zim guvoh bo‘lgan ikki voqea hech yodimdan chiqmaydi. Insonning eng yuksak bo‘lgan bu fazilatlari balki ko‘pchiligimizga ibrat bo‘lar, deya qalamga oldim.

Birinchi voqea. Toshkent shahrida yashayotgan singlimnikiga mehmonga borgan edim. Uy egalari ishda ekan, jiyanchalar meni ko‘rib xursand bo‘lishdi. Xushmuomalalik bilan darrov ichkariga boshladi. Joy hozirlab, dasturxon yozib, choy olib kelishdi. Xullas, mehmon izzatini joyiga qo‘yishdi. Keyin ijozat so‘rab, maktablariga ketishdi. Yolg‘iz qoldim. Shukur, singlim farzandlariga o‘zbekona urf-odatlarni yaxshi o‘rgatibdi, deb mamnun bo‘ldim. Televizor tomosha qildim. Baribir shaharda ish bo‘lmagandan keyin tez zerikar ekansan. Hali ular ishdan qachon qaytishadi. Shunday pallada yaqin bir hamrohing bo‘lsa, shirin suhbat qursang, vaqt tez o‘tadi.

Shu chog‘ xayolimdagini bilgandek eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi, ochdim. 30-35 yoshlardagi, mehnatdan qoraygan yuzida samimiylik barq urib turgan bir yigit ekan. Uy egasini so‘radi. Uyga taklif qilsam-da unamadi. Kelish sababini o‘zi aytdi. Kuyovimning jiyani ekan, Bulung‘urdan, Olomon qishlog‘idan. Suhbatdosh topilganidan xursand bo‘ldim. Qolaversa, men ham bulung‘urlikman. Qanchalik so‘ramayin, ichkariga kirmadi.

- Tashqarida mashinada akam bor. U kishi chiqa olmaydilar, andak mazalari yo‘q. Tog‘amdan bir duo olaylik, deb kelgan edik. Mayli, ishxonalarini bilaman, o‘sha yerda duolarini olamiz.

Noiloj mehmonni mashinasigacha kuzatib qo‘ydim. Haqiqatan mashina orqa o‘rindig‘ida bir yigit ko‘rpaga o‘ralib yotardi. Men bilan ohista ovozda, lekin samimiy so‘rashdi. Keyin ukasiga cheksiz mehr bilan tikildi. Kasalligidan xijolat bo‘lib, keyingi safar albatta suhbatlashishga va’da berdi.

Singlim ishdan kelgandan keyin mehmonlar haqida gapirdim, kim ekanligini surishtirdim.

- Kuyovingizning jiyanlari, ota-onalari erta vafot etib ketgan. Akasi ancha vaqtdan beri kasal. Ilohim, ukasi baraka topsin, akasini olib bormagan joyi qolmadi.

- Qanaqa kasal ekan, - deb so‘radim.

- Akasining ikkala buyragi ham qurib qolgan. Hech joydan davosini topa olmadi. O‘tgan safar Toshkentga davolatishga olib kelganida shifokorlar “Agar kimdir sog‘ buyragini bersa bu kasallikni Hindistondagina jarrohlik yo‘li bilan davolash mumkin”, deb aytishibdi. Faqat bu jarrohlik operatsiyasiga juda ko‘p pul kerak bo‘lar ekan. Kichkina jiyanimiz xotini bilan chetda ishlab, ozroq daromad qilgan edi. Shuning hisobidan yuk mashinasi, traktor, uy sotib olishgan. Akasi uchun hamma narsalarini sotishibdi. Ukasining ikki buyragi sog‘lom ekan, buyraklarining bittasini akasi uchun beradigan bo‘libdi.

- Ukasining xotini hech narsa demabdimi, bitta buyragi bor kasalmand er bilan yashashga? Qolaversa, shuncha yil yiqqan boyligining ketishiga norozi bo‘lmaptimi? - dedim hayratimni yashirolmay.

- Yo‘q, qaytaga yetmaganiga nikoh uzugini ham beribdi. Akam sog‘ayib ketsa bo‘ldi, bizning boyligimiz shu akam, debdi. Biz ham baholi qudrat o‘zimizning hissamizni qo‘shdik. Ular bugun Hindistonga uchib ketishadi, - dedi singlim.

Hech narsa deya olmadim. Faqat bir narsa hadeb tomog‘imga tiqiladi. Umridan baraka topsin, ilohim sog‘ayib ketsin. Singlimga ko‘z yoshlarimni ko‘rsatmaslik uchun tashqariga chiqib ketdim...

Ikkinchi voqea. O‘tgan yili Ramazon kuni edi. Mahalla raisi bo‘lib ishlardim. Tushdan keyin mahalla idorasiga bir “Damas” avtomashinasi kelib to‘xtadi. Derazadan ko‘rib turibman, mashinadan bir yosh yigit tushib, to‘g‘ri ishxonaga kirib keldi. Taniyman, mahallamizning Bolg‘oli qishlog‘idan. Salom-alikdan so‘ng yigit kelish sababini aytdi.

- Rais bobo, bitta maslahatingiz kerak. To‘g‘ri qilayapmanmi, yo‘qmi, bilmayman. Lekin men shunga qaror qildim. Xabaringiz bor, bugun mahallada qancha qurbonlik marosimlari bo‘lyapti. Men ham qurbonlik qilishni niyat qilgan edim. Odamlarning qorni bitta-ikkita qurbonlikdan keyin to‘yadi. Qanchadan-qancha ovqatlar zoye bo‘ladi. Nima kerak bunaqa isrofgarchilik. Men qurbonlikka atagan mahsulotlarimni kam ta’minlangan oilalarga tarqatmoqchiman. Axir, nochor, yetim-yesir, nogiron va kam ta’minlanganlarga yordam berish ham savob-ku, deb o‘yladim. Shunday qilsam qurbonligim qabul qilinarmikan, - dedi.

- Qurbonligingiz qabul bo‘ladimi yo‘qmi, buni yolg‘iz Alloh biladi. Qolaversa, bu savolingizni din bilimdonlari yechib berishadi. Mening bilganim bu qilinayotgan xayru-ehsoningiz juda katta savob bo‘ladi. Qancha-qancha nochor oila a’zolarining duosini olasiz.

Biz o‘sha kuni bu olijanob yigit bilan “Damas”ga ortilgan mahsulotlarni mahalladagi ana shunday oilalarga tarqatib chiqdik.

G‘ulom O‘rolov, jurnalist.