Bugun tug‘ilgan kun: Mirmuhsin
Shu kunlarda mamlakatimiz adabiy jamoatchiligi O‘zbekiston xalq yozuvchisi, shoir, jurnalist va tarjimon Mirmuhsin tavalludining 100 yilligini nishonlamoqda.
Adib haqida gap ketganida 1988 yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan ustoz yozuvchi bilan unutilmas bir uchrashuv yodimga tushadi.
O‘sha paytda Mirmuhsin bosh muharrirlik qilayotgan “Guliston” jurnali 10 mingdan ziyod nusxada chiqar, uning o‘quvchilari yurtimiz va qo‘shni davlatlarda millionlab edi. Chunki jurnal sahifalarida o‘sha davrning eng qaynoq, dolzarb masalalari haqida turli xil tanqidiy-tahliliy materiallar, she’rlar, hikoyalar chop qilinardi.
O‘sha yillari mamlakatimizda “Paxta ishi” deb nom olgan mash’um qatag‘onlarning asl sabablari-yu sababchilari va oqibatlari haqidagi dastlabki maqolalar ham aynan shu jurnalda e’lon qilina boshlagandi.
Men Jomboy tumanidagi “Pravda” jamoa xo‘jaligi raisi Barot Nodirovning ana shu qatag‘on qurboni sifatida Telman Gdlyan topshirig‘i bilan 6 yilga nohaq qamalgani, xo‘jalikda u kishi tomonidan amalga oshirilgan xayrli ishlar to‘g‘risida “Vijdon tarozisi” degan publitsistik ocherk yozib, uni pochta orqali “Guliston” jurnali tahririyatiga yubordim.
Oradan 2 hafta o‘tib, menga bosh muharrir imzosi bilan javob xati keldi. Xatda ocherk u kishiga ma’qul bo‘lgani, iloji bo‘lsa Toshkentga bir kelib, bosh muharrir bilan uchrashib ketishim kerakligi aytilgandi.
Ochig‘i, men bunday munosabat va taklifni kutmagandim. Axir kimsan respublikaning taniqli yozuvchisi oddiy bir qishloq o‘qituvchisini Toshkentga taklif qilsa-ya!
Ertasi kuniyoq yo‘lga chiqdim. O‘sha paytda mazkur jurnal tahririyatida qo‘shrabotlik mashhur baxshi Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining chevarasi, yaqin do‘stim, shoir Abdusaid Nurboyev mas’ul kotib bo‘lib ishlardi.
Dastlab do‘stim bilan ko‘rishdim. “Maqolangiz oqsoqolga yoqibdi” dedi u. Keyin ikkovlon Mirmuhsinning qabuliga kirdik. Suhbat boshlanar-boshlanmas Abdusaid qayoqqadir chiqib ketdi. Taniqli yozuvchining qator kitoblarini o‘qiganim, oynai jahondagi turli xil ko‘rsatuvlarda u kishini ko‘p bor ko‘rganim bois, biroz hayajonlanardim. Domla uzun bo‘yli, qotmadan kelgan bo‘lib, ajin bosgan yuzi, ko‘zoynak ortidagi ko‘zlari juda o‘ychan ko‘rinardi.
U kishi dastlab mening kasbim, oilam bilan qiziqdi. Keyin ocherk yaxshi yozilgani, ammo ba’zi kamchiliklardan xoli emasligi, ana shu nuqsonlar tuzatilsa material keyingi sonlarda jurnalda bosilishini aytdi. Ayniqsa, gap orasida agar imkoni bo‘lsa poytaxtga kelishimni, adabiy xodim sifatida ishga olishini aytganida men hayajon va quvonchdan nima deyishni bilmay dovdirab qoldim.
O‘sha kuni kechgacha tahririyatning bir xonasiga qamalib olib ocherkni qayta ishladim. Abdusaidning ijara uyida oqshom mehmon bo‘lib, ertasi kuni ertalab jurnal tahririyatida yana Mirmuhsinga ro‘para keldim. Ustoz ocherkni o‘qib ko‘rib, uni jurnalning keyingi sonida e’lon qilishni aytdi va ish masalasidagi fikrimni so‘radi.
Men bu haqda kechasi uzoq o‘ylab ko‘rganimni, Toshkentga kelib ishlashga oilaviy sharoitim to‘g‘ri kelmasligini, otam og‘ir kasal bo‘lib yotganini, yolg‘iz o‘g‘il bo‘lganim uchun tashlab ketolmasligimni tushuntirdim va ustozga yuksak ishonchi uchun chuqur minnatdorlik bildirdim.
- Mayli, o‘zingiz bilasiz, - dedi domla xayrlashuv oldidan. – Ko‘p iste’dodli yoshlar xuddi sizga o‘xshab qishloqdan kelolmay bir umr viloyatlarda qolib ketishadi. Ammo, ijodni tashlab qo‘ymang. Qo‘lingiz ancha kelishib qolibdi. Albatta yozib turing!
Shu uchrashuvdan ikki oy o‘tib “Vijdon tarozisi” degan ocherkim “Guliston” jurnalining ikki sahifasida bosilib chiqdi va yil yakuniga ko‘ra, jurnalda e’lon qilingan eng yaxshi ocherk deb e’tirof etildi.
Darvoqe, ocherk e’lon qilinganidan so‘ng bir oycha o‘tar-o‘tmas Barot Nodirov muddatidan oldin qamoqdan ozod qilindi va uyi, oilasi bag‘riga qaytdi.
***
Mirmuhsin (Mirsaidov) 1921 yilning 3 may kuni Toshkentda, hunarmand oilasida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini o‘qituvchilikdan boshlagan adib 20 yil davomida “Sharq Yulduzi” jurnaliga, “Mushtum”, “Guliston” jurnallariga bosh muharrirlik qilgan.
Uning “Sadoqat” deb nomlangan birinchi she’rlar to‘plami Ikkinchi jahon urushining eng qizg‘in pallasida – 1943 yilda chop etilgan.
Mirmuhsin shoir bo‘lish bilan birga o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan yozuvchisi ham hisoblanadi.
Muallifning “Yulduzlar”, “Lola”, “Oq marmar”, “Hikoyalar”, “Kanizak”, “Tungi chaqmoqlar” kabi hikoya va qissalari, “Umid”, “Degrez o‘g‘li”, “Chotqol yo‘lbarsi”, “Temur Malik”, “Ilon ovlovchi”, “Turon malikasi” singari romanlari minglab muxlislarning kitob javonidan joy olgan.
Mirmuhsin A.Pushkin, T.Shevchenko, V.Mayakovskiy, N.Tixonov kabi rus shoir va adiblarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Mirmuhsinning o‘zbek adabiyotini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi davlatimiz tomonidan munosib baholangan. Unga “O‘zbekiston xalq yozuvchisi”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, “O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi” faxriy unvonlari berilgan. Shuningdek, adib 1998 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
Adib 2005 yilning 3 fevralida 84 yoshida vafot etdi.
Yor Muhammad.