Bugun tug‘ilgan kun: Vohid Abdulla

Vohid Abdulla (chapda) qozoq yozuvchisi Sobit Muqonov bilan.

Navoiyshunos olim, yetuk shoir, alloma Vohid Abdullayev 1912 yil 15 mayda Samarqand shahrida tavallud topdi. Maktabda o‘rta ta’limni olgach, Farg‘ona davlat pedagogika institutida, so‘ngra Moskvada va Toshkentda aspiranturada tahsil oldi.

Avval Buxoro va Samarqanddagi pedagogika institutlarida kafedra mudiri, keyinchalik Samarqand davlat universiteti o‘zbek adabiyoti kafedrasining dotsenti, mudiri bo‘lib ishladi. 1963-1970 yillarda universitet rektori bo‘ldi.

“Samarqand sayli”, “Bedor qo‘shiqlar” she’riy to‘plamlari, “Yangilik yarashadi”, “Madadkor eshelon” kabi risola va hujjatli qissalari bor.

Vohid Abdulla 1985 yilda vafot etgan.

Quyida allomaning betakror falsafiy fikrlari bilan tanishasiz.

***

Ulug‘lik ham, umr boqiylik ham hamma kelib-ketganlarda bo‘lavermaydi. Qand ham oq, tuz ham oq. Ammo biri shirin, biri sho‘r. Odam ham shakl tuzilishi jihatidan bir-biriga monand. Ammo hammani ham inson deb bo‘lmaydi... Xalqning mehrini, e’tiborini qozona olgan, uning mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lgan, nur taratuvchi, ilhom baxsh etuvchi, tortuv quvvatiga ega bo‘lgan mehri quyosh odamgina barkamol, haqiqiy odam hisoblanadi.

---

Filologiya fakultetida o‘qiyotgan, kelajakda adabiyot mutaxassisi bo‘lishni istagan har bir talaba ellik ming misra she’rni yoddan bilishi kerak.

---

Ey, tulpor, institutni bitirdingmi? Ingliz tilini chuqurroq o‘rganaver, lekin o‘zbek tili va adabiyotini ham bilaver. Ona tilini yaxshi bilmay, chet tilidan mutaxassis bo‘lish qiyin.

---

Yoshlar – kelajak. Haqiqat – quyosh. Kelajak – quyoshni yetaklab kelayotgan oppoq tong. Yoshlarni ruhan cho‘ktirish – o‘z tomiriga bolta urish yoki oppoq tongga tosh otish bilan barobar.

Vohid ABDULLA.

***

Yulduz

(Ustoz Vohid Abdullaga)

Nurdan koshona yasab, oy, quyosh makonida,

Bir yulduz porlab turmish Samarqand osmonida.

Ona tuproq shod bo‘lib, qo‘lga olsa oyina,

O‘z aksini ko‘rmish ul Ko‘hak – Zarafshonida.

Va tole oftobidan boshga kiyib oltin toj,

Baxtin namoyish etmish iqbol qahkashonida.

Quyoshni qalam aylab necha yil chekmish raqam,

Suxan hoqoni yanglig‘ Navoiy devonida.

Qahkashonda ne yulduz unga bo‘lmish parvona,

Dur izlagan g‘avvosdek ma’rifat ummonida.

Tojiku ozar ko‘kin surayyo yanglig‘ bezab,

Do‘stlikka mayoq bo‘lmish o‘zbek oshiyonida.

Ne ajabkim, Ulug‘bek, shu yulduzni bir zamon

Karomat etgan bo‘lsa “Ziji Ko‘ragoni”da.

Barot Boyqobilov,

O‘zbekiston xalq shoiri.