Bugun uyda qanday mashg‘ulotlar bilan bandsiz?

Zarnews.uz  saytimizda shu savol bilan so‘rov o‘tkazildi. Unda ishtirok etganlarning 48 foizi “Ko‘p vaqtimni oilam bilan birga o‘tkazyapman”, degan javobni tanlagan. Shuningdek, savolga munosabat bildirganlarning 12 foizi “Anchadan beri qiziqib yurgan narsamni o‘rganishga kirishdim”, 5 foizi “Jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanyapman”, 35 foizi “Hech narsa, chunki vaqt yo‘q, ish ham ko‘paydi”, degan javoblarga to‘xtalgan. E’tiborimizni So‘rovda qatnashganlarning ko‘pchiligi vaqtini oila davrasida o‘tkazayotgani e’tiborimizni tortdi. Xo‘sh, bugun ular qanday mashg‘ulotlar bilan band? Shu maqsadda ayrim kishilar fikri bilan qiziqdik.

Shavkat BOBOMURODOV, nurobodlik baxshi-shoir:

- Nurobodning olis G‘allakor mahallasida istiqomat qilaman. 10 yoshimda tushimda bir baxshi qo‘limga do‘mbira tutqazib ketdi. Bu ham Allohning bir inoyatimi, bilmadim, tabiatdan, borliqdan ilhom olib xayolimda jumlalar tuziladi, do‘mbiramni qo‘lga olib kuylagim kelavaradi. Yurtimizda 15 mart kuni koronavirus infeksiyasi aniqlangan ilk bemor haqida xabar topgach, qalbimni tushunib bo‘lmas hislar chulg‘ab oldi. Shu kundan boshlab "Buyuk kurash” dostonimni yozishni boshladim. Unda bugungi murakkab vaziyatda jonlarini xatarga qo‘yib biz uchun ishlayotgan qahramonlarimizni madh etdim. Bugungi kungacha termalarim qirqdan oshdi. Undan koronavirus, shifokorlar, farroshlar, ichki ishlar xodimlari, nurchilar va bugungi qaynoq jarayonda o‘z mehnati bilan jonbozlik ko‘rsatayotgan yurtdoshimlarimiz haqida  turkum termalarim  o‘rin olgan. Jumladan,

Nima bo‘lsa qaragin–da ko‘zingga,

Qancha qora chaplab olding yuzingga,

Mehmonning ham hurmati uch kun bo‘lar,

,,Korona"jon, qaytgin endi izingga, deb boshlangan she’rim ham bor.

Zamira HAMDAMOVA, qo‘shrabotlik hunarmand:

- Quroqchilik momolarimizdan qolgan hunar, mato qiyqimlaridan hosil bo‘ladigan betakror san’at. Kichik, turli xil rang va shakldagi bo‘laklardan rang-barang uy-ro‘zg‘or buyumlarini tikish katta fantaziya va hisob-kitobni talab qiladi. Chunki, quroq uchun maxsus mato sotib olinmaydi, balki avval ishlatilgan matolardan qirqib olingan ortiqcha bo‘laklardan foydalaniladi. Quroqdagi geometrik shakllar uchburchak va to‘rtburchaklarning o‘zaro munosabatlari asosiga qurilgan bo‘ladi. Men asosan turnaqator usulidan foydalanaman. Bunda oq va qora rangli matolar turli geometrik shakllar uyg‘unligida birlashtiriladi. Asosan, kelin-kuyovlar uchun quroq ko‘rpacha va yostiqlar tikaman. Qadim odatlarimizga ko‘ra, momolarimiz yoshlarning bir-biriga jipslashib, quroqdek qurashib ketishi uchun niyat bilan tikkanlar. Karantin davrida ham bekor o‘tirmay farzandlarim bilan birga ko‘rpa-yostiq tikib qo‘ydik. Tikuvchilik sexi ochish uchun binoni ta’mirlashimiz kerak edi. Karantindagi bo‘sh vaqtimizdan foydalanib bu ishni amalga oshiryapmiz. Nasib bo‘lsa, karantin tugagach, mahallamizdagi ko‘plab yoshlarga qadim hunarmandchiligimizni o‘rgatishni davom ettiraman.

Gulshoda ShERANOVA, Samarqand shahridagi 58-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi:

- Karantin davrida ham o‘quv jarayonidan ajralmaganimizdan xursandman. Telegramm guruhlari orqali onlayn darslarni bajarayotgan o‘quvchilarim topshiriqlarini baholab boryapman. To‘g‘ri, ingliz tili o‘rgatish indivudal yondashuvni talab etadi. Chunki har bir o‘quvchining fanni o‘zlashtirishi har xil. Kimdir ko‘proq tushuncha talab etsa, ayrim bolalar darrov ilg‘aydi. Bugun ota-onalarimizning ko‘magiga tayangan holda o‘quvchilarning darslarda yo‘l qo‘yayotgan xato va kamchiliklari ustida ishlayapman. Shuningdek, mavzuga doir qo‘shimcha mashqlar va boshqotirmalar orqali ham ularning bilimlarini oshiryapman. Masofaviy ta’lim jarayonida o‘zim va o‘quvchilarimning o‘z ustida ishlashi, izlanishi ortdi. Ularning bilim va ko‘nikmalari bilindi. Masofaviy ta’lim bilan shug‘ullanish bilan birga farzandlarimning ta’lim olishi, tarbiyasi  va ro‘zg‘or ishlariga ham ulguryapman.

Nasiba JONTO‘RAYeVA yozib oldi.