Bugun yurtimizda 50 nafar koronavirusga chalingan bemor tuzaldi
Qoraqalpog‘iston yuqumli kasalliklar shifoxonasidan 15 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar sog‘ayib chiqdi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.
Sog‘ayganlarning 2 nafari Toshkent shahridan, 13 nafari Qoraqalpog‘istondan (11 nafari Nukus shahridan bo‘lsa, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanidan 1 nafardan) bo‘lib, barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqot orqali yuqtirib olishgan. Bemorlarning 6 nafari erkak, 9 nafari ayol bo‘lib, ular orasida eng yoshi kattasi 63 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 2019 yil tug‘ilgan.
Urganch shahar tibbiyot birlashmasidan 13 nafar, viloyat endokrinologiya dispanseridan 21 nafar, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan 1 nafar, jami 35 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar butunlay sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.
Xorazm viloyatidan ayni paytga qadar 10 nafar bemor butkul sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 45 nafarga yetdi.
Hozirda mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan sog‘aygan bemorlar 407 nafarni tashkil etmoqda.