Bulung‘urda “Nexia” haydovchisi yo‘lda uxlab qoldi. Oqibatda YTH sodir bo‘lib, 2 nafar yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘ldi

Voqea bugun soat 6:20 larda Bulung‘ur tumani hududidan o‘tuvchi M-39 avtomobil yo‘lining 1050-kilometrida sodir bo‘lgan.

Aniqlanishicha, “Nexia” rusumli transport vositasi haydovchisi yuqori tezlikda harakatlanib kelib, boshqaruv vaqtida uxlab qolishi tufayli yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqqa urilgan.

Oqibatda ag‘darilib ketgan va transport vositasida yong‘in sodir bo‘lgan. Hodisa sababli mashina salonida bo‘lgan ikki nafar yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan.

Haydovchi tibbiyot birlashmasiga yotqizilganini xabar qilayotgan viloyat IIB axborot xizmati holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilayotganini bildirgan.

Shuningdek, barcha haydovchilardan yo‘llarda hushyor, ogoh bo‘lishlarini, uzoq manzillarga yo‘lga chiqishdan oldin dam olishlarini, mashinada ketayotganda charchoq alomatlari sezilsa, to‘xtab, dam olishlarini so‘ragan. Tezlikni me’yoridan oshirmang!

P/s : Avvalroq 25 tonna polietilen rulon yuklangan "Kamaz"da yong‘in sodir bo‘lgani xabar qilingandi.