Bulung‘urda xitoyliklar bilan hamkorlikda ikkita g‘isht ishlab chiqaruvchi korxona ish boshladi

Viloyat delegatsiyasi bilan birgalikda Bulung‘ur tumani vakillari ham Xitoy safarida bo‘lib qaytgandi. Xitoylik ishbilarmonlar bilan 9 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Tumanda shu paytga qadar ham xitoylik tadbirkorlar bilan hamkorlikda bir nechta loyihalar amalga oshirilgan. Jumladan, dastlab 2019 yilda 4 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari hisobidan “Xitoy besh barmoq qurilish materiallari” korxonasi ishga tushib, yiliga 20 million dona pishiq g‘isht ishlab chiqarilmoqda.

Shuningdek, yaqindagina g‘isht ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yana ikkita yirik korxona faoliyat boshladi. Loyiha qiymati 5 million dollarlik mazkur “Samarqand richland international investmant” korxonasida yiliga 25  million dona g‘isht ishlab chiqariladi.

Xitoylik hamkorlar bilan ishga tushirilgan yana bir korxona “Sophiya industrial” mas’uliyati cheklangan jamiyati. Loyiha qiymati 5,3 million dollar bo‘lib, 3,5 million dollari xorijiy investitsiya hisobidandir.

- Korxonaning qurilishi shu yilning aprel oyida boshlangan edi, - deydi xitoylik tadbirkor Chou Jou Chen. – Qisqa fursatda bitkazilib, foydalanishga topshirilgan mazkur korxonada yiliga 30 million dona g‘isht ishlab chiqariladi. O‘zbekistonda yer va foyda solig‘idagi imtiyozlar biz, tadbirkorlar uchun qulay imkoniyat. Kelgusida turizm sohasida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ham yangi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.

Xitoyga qilingan safar natijasida zamonaviy eshik va derazalar, ularning butlovchi qismlari, sun’iy qoplamalar, kichik hajmli yuk avtomobillari, ehtiyot qismlar, tejamkor isitish qozonlari, kompressorlar va mebel mahsulotlari ishlab chiqarish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur loyihalar 2024-2025 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, natijada 300 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilyapti.

To‘lqin SIDDIQOV,

Jasurbek ShUKUROV,

Abbos JABBOROV (video).