Bulung‘urning Komintyurenida silni yengishgani kabi koronavirusni ham yengsa bo‘ladi
O‘tgan asrning 30-yillarida Bulung‘ur tumanidagi Komintyuren qishlog‘ida yuqumli sil kasalligi avj olgan edi. Shifokorlar, dori-darmon yetishmaydigan paytlar, shahar shifoxonalari ancha olis, buning ustiga shaharga borish uchun texnika ham yo‘q. Hatto kasallik tufayli qo‘shni qishloqlarga qiz berish, kelin olish ham uzildi. Qiyinchilik, qahatchilik odamlarni holdan toydirardi.
Shu paytlari armiyadan qaytayotgan Sobirjon harbiy xizmatda yaxshi ko‘rib qolgan Maryam hamshirani ham uyiga olib keladi. Vaziyatni tezda anglagan hamshira oiladagilarning barchasi tibbiy gigiyenaga qat’iy rioya etishlarini, har kimning o‘z sochig‘i, piyola, kosa, qoshig‘i alohida bo‘lishi, qo‘llar doim sovunda yuvilishi, kiyimlarning tozaligi va tirnoqlar olingan bo‘lishini talab qiladi.
Uydagi ko‘rpa-ko‘rpacha, yostiqlar, idish-tovoqlar hovliga chiqarilib, quyoshga yoyib qo‘yildi. O‘rgimchak bosib, qorayib ketgan xona devorlari tozalab, shamollatilib ohaklandi, ro‘zg‘or buyumlari gigiyenik vositalarda yuvib chiqildi. Tez orada oila sildan forig‘ bo‘ldi. Keyinchalik qishloq aholisi ham Maryamning aytganlarini bajarib, hammadan kasallik aridi. Shundan so‘ng qishloq aholisidan ham shaxsiy gigiyena vositasiga amal qilish, hattoki, to‘y-marakalarda o‘z shaxsiy buyumidan foydalanish kerakligi tushuntiriladi. Mehnat samara berdi, tez orada qishloq ahli butunlay sog‘aydi.
- Bundan 85-90 yil oldingi bu voqea ko‘pchilikka ertak bo‘lib tuyuladi, - deydi komintyurenlik (hozirgi Quvondiq qishlog‘i) faxriy o‘qituvchi To‘ychiboy G‘afforov. - O‘sha og‘ir yillarda qishloq qahramoniga aylangan hamshira Maryam opa tozalikka e’tiborli bo‘lish bilan har qanday kasallikni yengish mumkinligini isbotlab hammaning sevimli kishisiga aylandi. Bugun ham eng avvalo, tozalikka e’tiborli bo‘lish, xonalarni tez-tez shamollatish, gigiyenaga rioya etishimiz tojdorvirusga qarshi eng samarali kurash hisoblanadi. Xalqimiz bu kabi sinovlarni avval ham boshidan kechirgan va barchasini birdamlik bilan yengib o‘tgan.
Rabbim HOTAMOV.