Buni har kim har kuni uyda bajarishi mumkin

«Karantin sabab kam harakatlanyapman, qomatimda o‘zgarish bo‘lyapti, og‘irlashib ketayotganimni his qilyapman», desangiz adashasiz! Quyidagi tavsiyalarga amal qilsangiz o‘zingizni tetik va bardam  tutasiz. Turli yuqumli kasalliklar yuqishining ham oldini oladi:

- kuningizni tonggi badantarbiya va jismoniy mashqlar bilan boshlang. Boshlanishiga bir hafta o‘zingizni 5 daqiqa vaqtingizni ajratishga majburlang, keyingi haftadan qat’iy rejimga tushib qolasiz.

- ko‘p qavatli uyda yashovchilarga tavsiyamiz lift o‘rniga zinapoyadan foydalaning, sharoitingiz bo‘lsa, velosiped yoki samokat uching. U ham bo‘lmasa, 5 daqiqalik tanaffus qilib, raqsbop qo‘shiq qo‘ying-da raqsga tushing.

Hozirda uydan turib ishlash amaliyoti joriy etildi. Unda ora-orada turib, hovli yoki uyingiz bog‘ini aylanib kelishni kundalik odat qiling. Toza havodan nafas olib turish ish ko‘lamini yanada oshiradi.

Kun bo‘yi kompyuter yoki televizor qarshisida bukchayib o‘tirganingizda umurtqa pog‘onangizda og‘riq sezasiz. Bunday holatda qaddingizni rostlang, dam oling va vaqti-vaqti bilan jismoniy mashq yoki agar bo‘lsa, turnikka osilib turing.

Yaqinlaringizda erinchoqlik kayfiyati kuzatilsa, ish yoki dars stolingizga «Zudlik bilan qaddingni tik tut!» deb yozib, ta’sirchanlikni oshirish uchun qovog‘ini uygan smayl chizib qo‘ying.

Massaj ham juda yaxshi foyda beradi. Hech bo‘lmaganda yelka va bo‘yin qismini uqalab turish kerak.

Darvoqe, ish, oilaviy tashvishlar ortib uyquning me’yorda bo‘lishiga ham e’tibor qarating.

Nilufar JABBOROVA,

Samarqand viloyat nogironlarni reabilitatsiya qilish markazi bo‘lim boshlig‘i.