Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Burgutsimonlar oilasiga mansub qush - tasqara hayoti saqlab qolindi

2 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Urgut tumani hududida noyob qush sotilayotgani haqida e’lon tarqaldi. Urgut tumani ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish bo‘limi davlat inspektorlari shu kunning o‘zida xabarda berilgan manzilda bo‘lib, u yerda o‘rganish olib bordi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Mirzaqishloq” mahallasida yashovchi fuqaro S.Q. xonadonida qush saqlayotgan ekan.

Xonadon sohibi ta’kidlashicha, ushbu qush uning hovlisiga tasodifan kelib qo‘ngan va qanoti shikastligi bois uchib ketolmagan.

Bu qush burgutsimonlar oylasiga mansub tasqara qushi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi "Qizil kitobi"ga kiritilgan.

Fuqaro S.Q. ga bunday holatlarda tegishli tashkilotlarga tezkor xabar berish lozimligi tushuntirildi.

Hozirda qushning holati qoniqarli ekanligiga ishonch hosil qilish maqsadida tasqara maxsus veterinar ko‘rigidan o‘tkazilmoqda. U tez orada tabiat qo‘yniga qo‘yib yuboriladi, deya xabar beradi viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati.