Butunjahon xirurg-onkologlar federatsiyasi prezidenti:  “Samarqandlik mutaxassislar xalqaro talablar darajasida ish tutmoqda”

Mazkur xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan federatsiya a’zolari, dunyoning taniqli onkolog olim va mutaxassislari 6 iyun kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialiga tashrif buyurdi.

– Bugungi kunda dunyo miqyosida onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash borasida tadqiqotlar olib borilib, yangi metodlar qo‘llanilmoqda, – deydi butunjahon xirurg-onkologlar federatsiyasi (WFSOS) prezidenti, Serbiya onkologlar assotsiatsiyasi raisi Radon Djodich. – Samarqandlik mutaxassislarning sut bezi saratoni xastaligiga chalingan bemorlarni davolash jarayonlari bilan tanishib, ularning ham bu borada boy tajriba to‘plagani hamda xalqaro talablar darajasida ish tutayotganiga guvoh bo‘ldik.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali rahbari M.Jo‘rayevning ma’lum qilishicha, WFSOS ilmiy maktabining 2019 yilgi anjumani Samarqandda o‘tkazilishi mumkin.

A.ISROILOV.