Buxoroda 20 va Xorazmda 1 nafar bemor butunlay sog‘aydi. Ularning barchasi xorijdan kelgan
Bugun, 16 aprel kuni Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasidan yana 20 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.
Tuzalganlarning barchasi charter reys orqali Turkiyadan Buxoroga kelishgan bo‘lib, “Sitorai Mohi Xosa” sanatoriysida karantinga olingan edi. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Bemorlarning 10 nafari erkak, 10 nafari ayollardir. Ulardan 11 nafari Toshkent shahri, 4 nafari Samarqand viloyati, 2 nafari Jizzax viloyatidan, Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlaridan esa 1 nafarni tashkil etadi. Ular orasida eng yoshi kattasi 57 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 21 yoshda.
Bemorlarning darddan forig‘ bo‘lishida, shubhasiz, mazkur shifoxona tibbiyot xodimlarining birdamlikda olib borgan samarali davolash muolajalari muhim ahamiyat kasb etdi. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 8 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 28 nafarga yetdi.
Hozirgi sinovli kunlarda haqiqiy fidoyilik namunasini mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan minglab shifokorlarimiz misolida ko‘rib turibmiz. Ushbu sa’y-harakatlar samarasi tuzalayotgan bemorlar ko‘rsatkichida namoyon bo‘lmoqda. Bugun yana bir qator shifoxonalarda sog‘aygan bemorlarning reabilitatsiyaga kuzatilishi kutilmoqda.
Shuningdek, Xorazm viloyatida ham bir nafar bemor tuzaldi.
Ayni paytga qadar mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami 128 nafar bemor to‘liq sog‘aydi.