Buxoroning o‘rganilmagan tarixi ko‘p

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda o‘tkazib kelinayotgan “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzusi doirasidagi onlayn-seminarning navbatdagisi bo‘lib o‘tdi.
Markaz axborot xizmatining xabar berishicha, unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, yurtimizda ilm-fan yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan muassasalar hamda xorijiy mamlakatlardagi tadqiqotchi olimlar ishtirok etdi.
Bu galgi seminarda Nyu-York universiteti huzuridagi qadimgi dunyoni o‘rganish instituti professori Soren Starkning “Antik davr va o‘rta asrlar o‘rtasidagi Buxoro: Buxoro shahristonidagi yangi arxeologik tadqiqotlar” mavzuidagi ma’ruzasi tinglandi.
Notiq o‘z ma’ruzasida Buxoro vohasi arxeologik boy hudud ekanligi, biroq uning juda oz qismi arxeologik qazishmalar shaklida o‘rganilganligini, so‘nggi besh yil mobaynida hududni Antik davr, ya’ni milodiy davr boshlanishiga oid asrlardagi holatini tadqiq etish imkoniyatlari ko‘proq yaratilayotganini e’tirof etdi.
– Ajablanarlisi shundaki, zamonaviy voha ichkarisi va tashqarisida joylashgan barcha yirik joylardan eng kam qazilmalar shaklida o‘rganilgan hudud – bu voha markazining o‘zi, Buxoro shahri hisoblanadi – dedi Soren Stark. – Shu sababli biz bugungi kunda mazkur hudud to‘g‘risida Samarqand va Marvni o‘rganganimiz kabi ko‘proq ma’lumot to‘plashga ahd qilganmiz.
Seminar davomida Buxoro vohasi tarixiga oid, Buxoro shahrining hozirgi joylari bilan qiyoslangan qiziqarli ma’lumotlar keltirildi.