Buyrak ko‘chirish necha pul?
Transplantatsiya bilan bog‘liq dolzarb savollarga javoblar
Mamlakatimizda transplantologiya operatsiyalari yo‘lga qo‘yilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ammo allaqachon “falon pulga buyrak sotaman, jigar sotaman, donor bo‘laman” degan e’lonlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqala boshladi. Umuman, bugun ushbu operatsiya qanday kechyapti? Toshkentdagi respublika miqyosidagi klinikalar bilan bir qatorda faqatgina Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan operatsiya natijalari nechog‘lik, uning narxi boshqa davlatlardan ko‘ra arzonmi yoki qimmat?
Shu savollarga javob olish maqsadida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining angioxirurgiya va transplantologiya bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi Sherali Norqo‘ziyev bilan suhbatlashdik.
- Qon tomirlari mikroxirurgiyasi sohasidagi 40 yillik faoliyatim davomida ko‘plab xorij mamlakatlarida bo‘ldim, ularning tajribasini o‘rgandim, faoliyatimizni taqqosladim, - deydi Sherali Norqo‘ziyev. - O‘sha yillardayoq meni bir jihat juda qiynardi, u ham bo‘lsa aynan transplantatsiya masalasi. Bu operatsiyaga mamlakatimizda qachon ruxsat berilarkan, odamlar qachon qiynalmay o‘z yurtida bu jarayonni amalga oshirarkan, deb o‘ylardim. Sababi, xorijda yurtdoshlarimiz o‘z hayotini asrab qolish uchun qanchalik mashaqqat chekkanlarini ko‘rganman. Bu qiyinchiliklar yashash, davolanishga ketadigan xarajatlar, til bilmaslik, yaqinlaridan uzoqda bo‘lish kabi ko‘plab muammolar bilan chambarchas bog‘liq edi.
Shuning uchun tibbiyotga aloqador katta yig‘inlarda, albatta, bu masala yuzasidan o‘z takliflarimizni bildirdik. Va nihoyat, 2017 yildan bu borada siljish yuzaga keldi, me’yoriy-huquqiy hujjatlar imzolandi. 2020 yilda bir guruh shifokorlar Toshkentga transplantatsiya sohasi bo‘yicha o‘qishga bordik. Afsuski, koronavirus sabab, o‘qishimiz yana bir yilga cho‘zildi. Bu operatsiyani amalga oshirish uchun hamma jarayon bir vaqtning o‘zida yo‘lga qo‘yila boshlandi. Ya’ni, vrachlar malakasini oshirishi barobarida operatsiya uchun lozim bo‘lgan jihozlar keltirildi, hamshira va boshqa tibbiyot xodimlari zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi. Natijada 2021 yilda Samarqand meditsinasi tarixida ilk bor, aynan iyun oyida poytaxtlik shifokorlar ishtirokida buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi amalga oshirildi. 2022 yilda transplantologiya bo‘yicha Turkiya, Rossiya kabi davlatlarda malaka oshirdik va shu yili samarqandlik bir guruh shifokorlar mustaqil ravishda o‘nga yaqin bemorda buyrak ko‘chirish amaliyotini muvaffaqiyatli bajardik. O‘tgan yili 80 nafar bemor buyragi ko‘chirib o‘tkazildi.
Bugungi kunda ushbu bemorlarning 50 foizi mehnat faoliyatini davom ettiryapti. E’tiborga olish kerak jihati shundaki, ushbu operatsiyaga muhtojlar asosan ayni mehnat yoshidagi insonlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
- Operatsiyani boshidan o‘tkazgan bemorlarning 50 foizi mehnat faoliyatini davom ettiryapti, dedingiz. Qolganlari-chi, ular ham to‘liq tuzalib ketdimi?
- Albatta, ular ham avvalgidek hayot kechirishyapti. Operatsiyadan keyin kishi o‘zini bir muddat avaylab turishi kerak. Ular shu sabablarga ko‘ra ishlamayapti.
- Ayting-chi, mamlakatimizda ushbu operatsiyaga bemorlar qancha mablag‘ sarflashi kerak?
- Referendum yo‘li bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga ko‘ra, mamlakatimiz ijtimoiy davlat maqomiga ham ega bo‘ldi. Ijtimoiy so‘zi inson salomatligiga ham bevosita bog‘liq. Va ushbu operatsiya yo‘lga qo‘yilganida uning barcha jihatlari e’tiborga olingani ham shu maqomga mos keladi.
Yaxshi bilasiz, buyrak ko‘chirib o‘tkazish jarrohlik amaliyoti butun dunyoda qimmat muolajalardan sanaladi. Misol uchun, Hindiston, Turkiyada 30-40 ming dollar, Belarusda 60 ming dollar va boshqa davlatlarda ham o‘rtacha shunday narxlanadi. Endi tasavvur qiling, shu paytgacha aholi xorijga borib, mazkur operatsiyani qildirishga to‘g‘ri kelgan. Mamlakatimizda har bir bemor uchun tibbiy sug‘urta asosida 120 million so‘m miqdoridagi mablag‘ shu operatsiyani amalga oshirayotgan klinikaga ajratiladi. Ya’ni, bemorlar uchun bu operatsiya bepul.
- Bugun buyrak ko‘chirishga ehtiyojmand bo‘lgan bemorlar soni taxminan bo‘lsa ham ma’lummi? Umuman, bunga ko‘proq kim muhtoj?
- Dunyo miqyosidagi statistikaga e’tibor beradigan bo‘lsak, 1 million inson orasida 160 nafarida buyrak yetishmovchiligi kasalligi uchrashi mumkin. Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerak, bugun viloyatimizda 500 nafar bemor dasturli gemodializni amalga oshirishadi. Hammamiz yaxshi bilamiz, gemodializ olayotgan bemorning hayot sifati ancha past. Ya’ni, u doimiy, ma’lum kunlarda tizimli gemodializ olishi lozim. U hayotiy rejalarini shu bilan o‘lchaydi va shu muolajaga moslashtirish kerak. Ularning umr davomiyligini uzaytirish esa bevosita buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bilan bog‘liq. Gemodializ olayotgan bemor umri davomiyligi o‘n yilgacha bo‘lsa, buyrak ko‘chirib o‘tkazishdan so‘ng bu davomiylik 30-40 yilgacha uzayishi mumkin. Aytmoqchimanki, shu muolajani olayotgan bemorlar baribir buyrak ko‘chirish amaliyotiga muhtoj bo‘lishadi.
- Buyrak ko‘chirish amaliyoti boshlangandan beri ijtimoiy tarmoqlarda “buyrak, jigarimni sotaman” mazmunidagi xabarlar tarqala boshladi. Ba’zilari bilan telegram orqali bog‘lanib ko‘rishga harakat qildim, “muhtojlikdan sotmoqchiman, oluvchilar bormikan”, deya narxini falon ming dollar, deb aytdi. Kim donor bo‘la oladi, buning tartib-qoidalari qanday, shu masalaga ham to‘xtalib o‘tsangiz.
- Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, bemorga uning qarindoshlari, ya’ni to‘rt avlodgacha donor bo‘lishi mumkin. Bular ota-ona, farzand, aka-uka, opa-singil, tog‘a-amaki, jiyan va umuman, to‘rt avlod uzoqlikdagi qarindoshlar donor bo‘la oladi. Donorlar bilan shifokorlar videomuloqot olib borib, bemor kasallik tarixi fayliga joylanadi, qolaversa, notariusdan uning shunday qarindoshligi xususida hujjat so‘raladi.
Biz operatsiyani amalga oshirgan bemorlarda hech qanday shubhali donorlar uchramadi. Asosan, birinchi avlod, ya’ni ota-ona, aka-ukalar donor bo‘lishdi.
- Buyragimni sotaman, deb keluvchilar bo‘lganmi?
- Ha, bunday holatlar bo‘lgan. Ularga qonunchilikni tushuntirib, ogohlantirganmiz.
- Ma’lumotlarga ko‘ra, vafot etgan kishidan ham ichki organlarini olib, transplantatsiyada qo‘llash mumkin. Insonning bitta buyragini olib, uning salomatligiga katta ziyon yetkazishdan ko‘ra, shu usul yaxshiroq emasmi?
- Bilasiz, xalqimizda biror yaqini vafot etganda uning tanasiga tig‘ tekizdirishni istamaydi, buni aholi juda og‘riqli qabul qiladi. Shuning uchun mamlakatimizda bu usulni qo‘llash deyarli imkonsiz. Donorning salomatligiga ziyon yetkazish, degan fikringiz mutlaqo asossiz. Sababi, donorlarning barchasi bu amaliyotdan so‘ng deyarli ziyon ko‘rmaydi, ilgarigiday faol hayotini davom ettirishi mumkin.
- Kelajakda markazda transplantatsiyaning yana qanday usullari qo‘llanishi rejalashtirilmoqda?
- Transplantatsiya bugungi zamonaviy tibbiyotning katta bir yo‘nalishiga aylanib bormoqda. Jigar, yurak, ichak, qo‘yingki, barcha ichki va hatto, yaqinda ommaviy axborot vositalarida qo‘l transplantatsiyasi ham amalga oshirilgani haqida xabar berildi. Bu juda katta imkoniyat, aholining salomatligini asrash, yashab qolishida muhim jarayon sanaladi.
Markazimizda ham bunga sharoitlar yaratilishi davom etyapti. Jigar transplantatsiyasi uchun qo‘shimcha jihozlar lozim bo‘lgani uchun bunga alohida tayyorgarlik ko‘rilyapti va ushbu operatsiya ham amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yiladi. Qolaversa, shu yil suyak ko‘migidagi o‘zak hujayralar ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Bu kabi operatsiyalarni amalga oshirish uchun shogirdlarimni ko‘paytirishga intilyapman. Hozir ularning uch nafari operatsiyalarda ishtirok etish barobarida ilmiy ish qilyapti.
Mazmunli suhbat uchun rahmat.
Gulruh Mo‘minova suhbatlashdi.
***
Husan Eltoyev olgan suratlar.