Buyuk baxshini eslab...
Baxshichilik xalq og‘zaki ijodining yorqin namunasi. Unda har bir xalqning o‘tmishi, ruhiyati, mentaliteti, qadriyatlari, urf-odat va an’analari aks etadi. Shu bois ushbu noyob san’at mavjud bo‘lgan barcha ellarda u nomoddiy madaniy meros sifatida muhofaza qilinadi, yuksak qadrlanadi.
Baxshichilik – ikki buyuk daryo, Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idagi sivilizatsiyalarni yaratish qudratiga ega bo‘lgan ulug‘ ajdodlarimizdan meros.
Bugungi kunda yurtimizda ham o‘zbek milliy baxshichilik va dostonchilik san’atining noyob namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida ushbu san’at turiga hurmat va e’tibor tuyg‘ularini kuchaytirish, turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-ma’naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tarixan XIX asr oxirlari XX asr boshlarida yurtimizda dostonchilik san’ati alohida gullagan davri bo‘ldi. Islom shoir Nazar o‘g‘li ana shunday dostonchilik san’ati maktabi namoyondalaridan biri bo‘lib, Narpayning dong‘ini ellarga taratgan shu yurtda tug‘ilib, katta bo‘lgan iste’dodli va ijodkor baxshilardan biri hisoblanadi.
Bugun Narpayda mashhur baxshi Islom shoir Nazar o‘g‘lining 150 yillik yubileyi tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimligi mas’ullari, nuroniylar va faol fuqarolar hamrohligida mazkur tadbir munosabati baxshi dafn qilingan “Islom shoir” qabristoniga borishdi, qabrini ziyorat qilishib, qur’on tilovat qilishdi.
Shundan so‘ng, “Navqiron Narpay” gazetasi tahririyati binosida baxshi Islom shoirga atab tashkil etilgan muzeyga tashrif buyurishib, buyuk baxshini eslab, u kuylagan dostonlari, xalqimizga qoldirgan buyuk merosi haqida suhbat qurishdi.
Shuningdek, tumandagi 13-son Bolalar musiqa va san’at maktabida iqtidorli va iste’dodli san’atkorlar hamda baxshilar ishtirokida “Islom shoir Nazar o‘g‘lini eslab...” nomli musiqiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
San’atga qiziquvchi yoshlar, turli viloyatlardan tashrif buyurgan baxshilar o‘z chiqishlari bilan tadbirga o‘zgacha tarovat olib kirgan bo‘lsa, tumanimizning barcha hududlaridan kelgan yosh rassomlar va mohir mo‘yqalam sohiblari o‘z ijodkorlik qobiliyatlarini namoyish etishib, yig‘ilganlarning ko‘ngillarini yanada ko‘tarishdi.
Tadbirda faol ishtirok etganlarga tashakkurnoma hamda esdalik savg‘alari topshirildi.