CCV: Boysunda Qrim-Kongo gemmoragik isitma kasalligi aniqlandi
Respublika Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi Boysun tumanida homilador ayolning vafot etganligi yuzasidan tekshiruv ishlarini olib borib, qo‘yidagilarni ma’lum qiladi, deb yozmoqda human.uz.
Surxondaryo viloyati Boysun tumani Omonxona qishlog‘ida yashagan, 1995 yilda tug‘ilgan Z.X. 2019 yil 13 may kuni Boysun tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruq kompleksi ginekologiya bo‘limiga yotqizilgan. 16 may kuni bemor ahvoli og‘irlashgandan so‘ng tug‘ruq kompleksining jonlantirish bo‘limiga o‘tkaziladi. 17 may kuni esa bemorda burundan qon ketish alomatlari boshlangach, viloyat maslahat guruhining gematolog va LOR shifokorlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, “Homiladorlik 17 haftalik, burundan qon ketishi, DVS gipokogulyasiya bosqichi” tashxisi qo‘yilgan. Bundan tashqari, shifoxona nevrologi va tor mutaxassislar tomonidan konsultatsiya qilingan.
Bemorga 18 may kuni intensiv muolajalar hamda 1,5 litr qon zardobi va 500 ml. eritrotsitar massa quyilgan. Bemor 19 may kuni “O‘tkir yurak yetishmovchiligi, DVS sindromi” natijasida vafot etgan. Bemorda qon ketish alomatlari va in’yeksiya qilingan joylarda qon talashlar bo‘lganligini inobatga olib, patologoanatomik bo‘limda murdadan arboviruslarga tekshirish uchun qon namunasi olingan. Qashqadaryo viloyat DSENMning o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni tekshirish laboratoriyasiga yuborilgan qon namunalari tekshirilganda, Qrim-Kongo gemmoragik isitma kasalligi alomatlari aniqlangan.
Mazkur kasallikning yuqish xavfi yuqoriligi bois viloyat DSENM boshqarmasi mutaxassislaridan iborat guruh tegishli me’yoriy hujjatlar asosida kasallik o‘chog‘ida to‘liq muolajalar va parvarish ishlari amalga oshirildi. Marhum bemorning oila a’zolari va u bilan muloqotda bo‘lganlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, ularga Qrim-Kongo gemmoragik isitma kasalligi yuqmaganligi aniqlandi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, har yili bahor va yoz mavsumida ko‘plab mamlakatlarda bo‘lgani kabi yurtimizda ham ayrim holatlarda ushbu kasallik uchrab turadi. Agar kasallik vaqtida aniqlansa, davolash mumkin. Shu sababli xavotirga o‘rin yo‘q. Fursatdan foydalanib, aholidan sanitariya qoidalariga qat’iy rioya etish, jumladan, chorva parvarishida ehtiyot choralarini ko‘rish, kanalarni qo‘lda o‘ldirmaslik, agar tana isitma paydo bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat etishlarini so‘raymiz.
Eslatib o‘tamiz, Respublika Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi tomonidan mamlakatimizda aholi o‘rtasida Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligining oldini olish bo‘yicha samarali profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu tadbirlar qat’iy nazoratga olingan.