Tug‘ma yurak nuqsonli 47 nafar bola operatsiyasiga sarflanadigan mablag‘ni hokim zimmasiga oldi
Tuman tibbiyot birlashmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozir Past Darg‘omda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 123 nafari tug‘ma yurak nuqsonidan aziyat chekishmoqda. Yashashni istashadi, dard bilan «olishadi» har biri. Chunki, barining orzu-umidlari bor…
- Har gal xalq qabulxonasida najot istab, farzand dardini his qilib turgan onalar hasratini tinglash oson emas, - dedi tuman tibbiyot birlashmasi rahbari A.O‘tayev. – Qo‘limizdan kelgani davolanishi uchun tegishli muassasalarga order beramiz. Tug‘ma yurak nuqsonli bolalar to‘liq kardiolog vrachlar ko‘rigidan o‘tkazilgan. 2020 yil oxirigacha operatsiya qilinuvchilar navbatiga ham kiritilgan. Bemor bolalarning 23 nafari Toshkentda operatsiya qilingan. 1 tasi Rossiyada, 3 nafarining ota-onasi Hindistonda davolatib qaytishdi. Ammo bunday murakkab jarrohlik amaliyotiga sarflanadigan xarajatlarni hamma ota-onalarning ham hamyoni ko‘taravermaydi.
Mutaxassislar tashxislariga asoslanib, 2008-2018 yillarda tug‘ilgan 47 nafar bolani zudlik bilan operatsiya qilish orqali sog‘lom hayotga qaytarish mumkinligini tuman hokimi Shunqor Xudayberdiyevga bildirdik. Har bir operatsiyaga 23 turdagi dori-darmonlar uchun 14 million so‘mlik xarajat talab qilinishi ham nazarga olindi.
- Samarqand shahar bolalar yurak xirurgiyasi bo‘limida bu operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Do‘xtirlar bilan bog‘lanib, vaziyatni tushuntiring. Past Darg‘omlik bolalarning hayoti bizga kerak. Hammasining operatsiyasi uchun sarflanadigan mablag‘ni hokimlik zimmasiga oladi, - dedi tuman hokimi.
Lolazor mahallasida yashovchi 8 yoshli Sherzod Sayfullayev ana shu tashabbus bilan boshlangan muolajada viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi yurak xirurgiya bo‘limi ochilishiga sabab bo‘lgan malakali shifokor Maqsud Saidovning birinchi bemori bo‘ldi. Operatsiyadan so‘ng ancha o‘ziga kelgan bolakayning onasi bilan suhbatlashdik.
- Toshkentga ham olib bordim. Shifokorlar 2 bosqichda operatsiya qilinishini, lekin yashab ketishga kafolat yo‘qligini aytishdi. Buning ustiga jarrohlik amaliyotiga qo‘limiz kaltaroq. Tuman hokimligiga murojaatimdan so‘ng, yaratgan yo‘limizni o‘nglabdi. Samarqandda shu dard bilan tug‘ilgan bolalarni davolash muassasasi ochilibdi. Bolajonimning dardiga befarq qaramaganlarga rahmat, operatsiyaga sarflanadigan mablag‘ni ham to‘lashibdi, - dedi Sherzodjonning onasi Munisa Tursunova.
- Bu yerdan chiqqach ko‘p o‘qiyman. Yo hokim bo‘laman, yo do‘xtir. Men ham xuddi ana shu odamlarday dardmand bemorlarga yordam beraman, - dedi Sherzodjon.
- O‘tgan yil may oyidan buyon tug‘ma yurak nuqsoni bor bolalarni hayotga qaytarayapmiz, - dedi suhbatdoshimiz Maqsud Saidov. – Viloyat hokimligidan minnatdormiz. Qiymati 2 milliard so‘mlik operatsiya uchun muhim «Aksegenator» tibbiyot asbobini olishga mablag‘ ajratdi. Shart-sharoitlar yaratildi. Shu sabab Samarqandda ham murakkab bu amaliyotni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkoni tug‘ildi.
- Hozirgacha bu yerda qancha bola bu darddan forig‘ bo‘ldi?
- 170 nafardan ortiq. Shu kecha kunduzda har kuni bittadan jarrohlik amaliyoti o‘tkazayapmiz.
Hech bir muassasada 5 kilogramm vazndagi bolani murakkab bunday operatsiya stoliga yotqizishmaydi. Samarqandda bu jarrohlik amaliyoti ham muvaffaqiyatli o‘tdi.
- Viloyatda shu kungacha bolalar yurak jarrohi mutaxassislari bo‘lmaganmi?
- Ko‘proq amaliyot bilan jarroh malakasi oshadi. Moskva shahrida bir necha yillar ordinaturani o‘tadim. Izlanishni amaliyotda qo‘llab, tibbiyot fanlari nomzodi bo‘ldim. Ayni vaqtda doktorlik ishini davom ettirayapman. Hozir esa malakali jarrohlardan shogirdlar ham tayyorlayapman.
- Asli pastdarg‘omlik ekansiz…
- Past Darg‘omdanman Samarqand tibbiyot institutida o‘qib, Rossiyada malaka oshirdim. Olgan bilim, tajribam bilan yurtimga nafim tegsin, deya shu yerda ish boshlaganimga ham bir yildan oshdi.
- Pastdarg‘omlik 47 nafar bola …
- Tug‘ma yurak nuqsonli bemorda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi uchun 23 turdagi dori-darmonlar zarur bo‘ladi. Bu kamida 14 million so‘m degani. Past Darg‘om tuman hokimi birinchi bo‘lib bu xarajatlarni to‘lash tashabbusi bilan chiqqani xalqimizga xos muruvvat namunasi. Xasta bemorlarga mehr-muruvvat ko‘rsatilishi boshqa davlatlardan kelib murakkab operatsiyalarda qatnashayotgan hamkasblarimni ham lol etdi. Ana shu xarajatlarning o‘zi ham salkam 750 million so‘mni tashkil etadi. Yana bir muhim jihati, hozir ana shu bolalarning har biriga 450 ming so‘m atrofida nogironlik nafaqasi tayinlangan. Operatsiyalardan so‘ng bu bolalar butkul sog‘ayadi. Ya’ni, nafaqaga ehtiyoj ham, zarurat ham qolmaydi. Demak, 2-3 yildagi nafaqalari miqdori to‘liq qoplanib ketadi.
- Ularda to‘liq jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishiga qancha vaqt ketadi?
- Uch oy atrofida bu bolalarning hammasi sog‘lom hayotga qaytadi…
Suhbatdan so‘ng shifokorlar ijozati bilan palatalarni ko‘zdan kechirdik. Har bir xona zamonaviy jihozlangan. Xonalarga bo‘ylarkanmiz, onalarning yorug‘ chehralari, operatsiyadan bir muddat o‘tib yuzlari tiniqqan bolajonlarning o‘yinchoqlar bilan «mashg‘ul»liklarini ko‘rdik. Endigina operatsiyadan chiqqan Sherzodjon ham bugun, erta ana shu tengqurlari qatori sho‘x-shodon qiy-chuv qilishini sezayotgan Munisa Tursunovaning esa do‘xtirlarga minnatdorchiligini qarog‘iga qalqqan ko‘z yoshlari namoyon etayotganday. Demak, yana 47 nafar bolajonlarning onalari qalbida yaqin orada o‘kinch qolmaydi, ko‘zlarida sevinch ko‘z yoshlarini ko‘ramiz.
Ulug‘bek Rahimov.