Chekka hududlar rivojlanishdan chetda emas
Nurobod va Qo‘shrabot tumanlari haqida gap ketganda odatda dasht va cho‘l hududlari tushunilib, iqtisodiy imkoniyatlari past baholanadi. Ammo keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlar natijasida viloyatning eng chekka tumanlarida ham sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari rivojlanib bormoqda.
Qo‘shrabotda turklar kvars, hindlar granit qazib oladi
Loyihalar uchun 2 million AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya o‘zlashtiriladi . Jumladan, hindistonlik investorlar bilan “EDIFCE ELITE” MChJ xorijiy korxonasi tashkil etilgan. Korxona tomonidan 1 million dollarlik granit toshlarini qazib olish va qayta ishlash loyihasi amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, turkiyalik investorlar bilan hamkorlikda “BOZTOSH BETON” MChJ tashkil etilgan. Korxona tomonidan kvars toshlarini qazib olish va qayta ishlash loyihasi asosida 1 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilishi belgilangan.
Loyihaning birinchi bosqichida - 2020 yilda 600 ming dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan. Joriy yilda 400 ming dollar investitsiya jalb etilib, 11 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
- Keyingi ikki yilda hududda 17 ta qo‘shma korxona tashkil etildi, - deydi tuman hokimi H.Oqbo‘tayev. - Jami 976 gektar yer maydoni ajratilgan “HIGHBY GROUPS” MChJ O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasi texnik kannabis yetishtirish va qayta ishlash loyihasini amalga oshirmoqda. Qiymati 7 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya asosida 60 ta yangi ish o‘rni tashkil etiladi.
Bundan tashqari, joriy yilda sanoat sohasida 88,3 milliard so‘mlik 24 ta, xizmat ko‘rsatishda 102,2 milliard so‘mlik 80 ta, qishloq xo‘jaligida 225,6 milliard so‘mlik 170 ta loyiha ishlab chiqilgan. Misol uchun, “Qo‘shrabot Lomann parranda” MChJ tomonidan Germaniya texnologiyasi asosida zamonaviy parrandachilik klasteri loyihasi ishga tushirilishi belgilangan. Natijada yiliga 24 million dona tuxum, 10 million bosh 1 kunlik jo‘ja, 80 tonna parhezbop parranda go‘shti olinadi.
Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida o‘tgan ikki oy uchun tuman mahalliy byudjeti daromadlari rejasi 6 milliard 900 million so‘m o‘rniga 10 milliard 200 million so‘mga bajarilgan.
Narpayda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan korxona qurilyapti
O‘z vaqtida agrar sohadagi yutuqlari bilan dong taratgan narpayliklar bugun sanoat sohasida qator ibratli ishlarni amalga oshirmoqda. Buning natijasida ayni paytda tumanda eksport hajmi importga nisbatan ortgan. Ya’ni, chetdan keltirilayotganiga nisbatan xorijga yuborilayotgan mahsulot hajmi ko‘paygan.
- Birgina “NBA ALLANZ” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 5,5 million dollarlik investitsiya loyihasi hayotga tatbiq etilmoqda, - deydi tuman hokimi Sh.Rahmonov. - Mazkur korxonada import o‘rnini bosuvchi gipsakarton listlari uchun karton qog‘oz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Ya’ni korxonaga ishga qabul qilingan 100 kishi gipsakorton uchun 36 ming tonna xomashyo tayyorlaydi.
Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda respublikamizga gipsakarton listlari uchun yiliga 108 ming tonna karton qog‘oz import qilinadi. Demak, korxona ishlab chiqaradigan mahsulot umumiy ehtiyojning 33 foizini qoplaydi. Boshqacha aytganda, korxona faoliyatini boshlagandan so‘ng tonnasi 750 dollardan 27 million dollarlik yarim tayyor mahsulot tayyorlaydi.
Tumanda yana bir yirik loyiha paxta klasteri - “Maroqand sifat” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilyapti. Bu yerda yiliga 5 ming tonna paxta ip-kalavasi ishlab chiqariladi. Jami 150 ta yangi ish o‘rni yaratish belgilangan loyiha mart oyida 50 foiz quvvatda ish boshladi.
Olingan ma’lumotga ko‘ra, 2021-2022 yillarda tumanda qiymati 570,9 milliard so‘mlik 119 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish natijasida 1516 ta yangi ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan. Jumladan, sanoat sohasini rivojlantirish bo‘yicha 287,7 milliard so‘mlik 29 ta investitsiya loyihasi bajariladi va 783 ta yangi ish o‘rini yaratiladi.
Xizmat ko‘rsatish sohasida 196,3 milliard so‘mlik 72 ta investitsiya loyiha orqali 506 kishini ish bilan ta’minlamoqchimiz. Qishloq xo‘jaligida esa 227 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Buning uchun 86,9 milliard so‘mlik 18 ta investitsiya loyihasi rejalashtirilgan.
Har bir yo‘nalishdagi investitsion loyihalarda maqtashga arzigulik jihatlar bor. Masalan, Murtazo Shopiyev massivida “Innovatsion bog‘lar” fermer xo‘jaligi tomonidan qiymati 12,6 milliard so‘mlik uzumchilik xo‘jaligi tashkil etilmoqda. “Mo‘jiza-agro grupp" fermer xo‘jaligi 320 ming dollar bank krediti asosida Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilgan zamonaviy jihozlar asosida 2,1 gektar maydonda issiqxona qurmoqda.
Xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida “Narpay Iftixor sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati xalqaro M-37 avtomagistral yo‘l yoqasida 1,5 million dollarlik zamonaviy mehmonxona quryapti.
Nurobodliklar Singapurga metall konstruksiya eksport qiladi
Hududda changyutkich, kir yuvish mashinasi va muzlatkich ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bugungi kunda xorij bozorlariga qurilish materiallari, shu bilan birga radiatorlar ham chiqarilmoqda.
"Press Plast Invest" MChJ maishiy texnika (changyutgich) ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 4 milliard 694 million so‘mlik loyihani amalga oshirmoqda. "Tesco Plus" MChJ esa kir yuvish mashinalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Qiymati 7 milliard 122 milion so‘mlik loyiha doirasida 22 ta ish o‘rni yaratiladi. "TESPACK" MChJ 53 milliard 200 million so‘m mablag‘ asosida muzlatkich ishlab chiqarishni tashkil etadi.
- Joriy yilda faqat elektrotexnika sanoati yo‘nalishida 5 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan, - dedi tuman hokimining investitsiya va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Qorayev. - Ushbu yo‘nalishda 277 ta ish o‘rni yaratiladi.
Bundan tashqari, tumanda sanoatning qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishida 7 ta loyiha amalga oshiriladi. Shu orqali 400 ga yaqin fuqaroning bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Bu kabi sa’y-harakatlar natijasida xorij bozorlariga chiqarilayotgan mahsulotlarda sanoat mahsulotlari ulushi ham ortib bormoqda. Qayd etilishicha, tumanda joriy yil uchun 6 million 107 ming dollarlik eksport rejasi o‘rnatilgan.
Misol uchun, "MIRANKUL CONSTRUCTION MATERIALS LTD" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Singapurga qurilish sohasida ishlatiladigan 5 million dollarlik metall konstruksiyalar yetkazib berildi.
Yanvar-fevral oylarida tumandan 231 ming dollarlik PVX quvurlari, fitinglar, plastik taralar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilingan.
Yo.Marqayev tayyorladi.