Chelyabinskda O‘zbekistonlik fuqaro yo‘lni kesib o‘tayotganida yuk avtomashinasi urib ketdi

O‘zbekistonlik Chelyabinskda yuk mashina ostida halok bo‘ldi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxona ma’lumoti asosida.

Xabarga ko‘ra, 2019 yil 26 iyul kuni Chelyabinsk shahrida O‘zbekiston fuqarosi B.R. yo‘lni kesib o‘tayotganida yuk avtomashinasi urib ketgan va hodisa joyida vafot etgan.

Yekaterinburgdagi Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan.

"O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi hamda Chelyabinsk shahridagi o‘zbek diasporasi bilan birgalikda marhumning jasadini vatanga jo‘natish bilan bog‘liq tashkiliy va boshqa masalalarni hal qilyapti", - deyiladi xabarda.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etgan hamda Rossiyaning Ural federal okrugi (Kurgan viloyati, Sverdlovsk viloyati, Tyumen viloyati, Chelyabinsk viloyati, Xanti-Mansiysk avtonom okrugi – Yugra, Yamal-Nenetsk avtonom okrugi) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda mamlakatning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan: +7 343 276 31 66, +7 343 272 31 33.