Chet tillarni o‘rganishda lingvistik tadqiqotlar qanday foyda beradi?

27 may kuni Samarqand davlat chet tillar institutida “Zamonaviy lingvistik tadqiqotlar: xorijiy tajriba, istiqbolli izlanishlar va tillarni o‘qitishning innovatsion usullari” mavzuida xalqaro onlayn ilmiy-amaliy anjumani o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrda qabul qilingan "Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ta’lim muassasalarida xorijiy tillarni o‘qitish sifatini yanada yaxshilashda zamonaviy dunyoqarashga ega bo‘lgan avlodni tarbiyalashda dasturilamal bo‘lmoqda. Bu sohada zamonaviy lingvistik tadqiqotlarning samaradorligini oshirishni ta’minlash alohida ahamiyat kasb etadi.

Chet tillarni o‘qitishning sifatini oshirish va yanada samarali usullarini ta’lim jarayoniga tadbiq qilish, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish, ilmiy salohiyatli mutaxassislarni tayyorlash hozirgi davrning dolzarb masalalaridan biridir. Mamlakatimiz ta’lim tizimida ilmiy-nazariy jixatdan asoslangan, chet tillarni o‘qitishda nutqiy muloqotga yo‘naltirilgan yangi pedagogik texnologiyalarni yorituvchi va informatsion texnologiyalar bilan jihozlangan darsliklar, o‘quv-qo‘llanmalarni yaratish va o‘quv jarayoniga joriy etib, xorijiy til ta’limini yanada takomillashtirish milliy ta’lim dasturining asosiy maqsadidir.

Shu nuqtai nazardan xorijiy tillarni o‘qitishda an’anaviy o‘qitish metodlari o‘rniga butun dunyoda ustuvor yo‘nalish sifatida tan olinayotgan kommunikativ ta’lim metod va usullaridan foydalanish muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonda mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda olib borilayotgan filologik va linvodidaktik tadqiqotlarga  tayanib ish olib borish yaxshi samara beradi. Ertaga, 27 may kuni institutimizda “Zamonaviy lingvistik tadqiqotlar: xorijiy tajriba, istiqbolli izlanishlar va tillarni o‘qitishning innovatsion usullari” mavzusida xuddi ana shunday ilmiy-amaliy konferensiyalardan biri tashkil etilmoqda. Unda respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari professorlari, chet tillar bo‘yicha yetakchi mutaxassislari va Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Misr, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston va Belarus olimlari onlayn rejimda ishtirok etadi.

Mazkur ilmiy anjumanda taniqli olimlar, xorijlik mutaxassislar  germanistika va romanistikaning dolzarb muammolari, frazeologiya va paremiologiya, zamonaviy–qiyosiy tipologik tadqiqotlar, zamonaviy tarjimashunoslik: an’analar va innovatsiyalar, lingvodidaktika va chet tili nutqiga o‘rgatishning pedagogik–psixologik tamoyillari, innovatsion pedagogik texnologiyalar va xorijiy tajribalar masalalari bo‘yicha jamlangan tajribalari bilan o‘rtoqlashadilar. Shuningdek, chet tili ta’limi sohasiga oid chop etilayotgan yangi o‘quv, o‘quv-uslubiy adabiyotlar mavzularini muvofiqlashtirish, chet tillarini o‘qitishning sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha zamonaviy tavsiyalar bilan boyitish masalalari to‘g‘risida fikr almashadilar. Konferensiyada hozirgi davr talabidan kelib chiqqan holda chet tili ta’limiga tatbiq etilayotgan innovatsion axborot va pedagogik texnologiyalar bo‘yicha to‘plangan tajribalar muhokama qilinadi.

Anjumanga zamonaviy lingvistik tadqiqotlar va tillarni o‘qitishning innovatsion usullariga asoslangan jami 130 dan ortiq ilmiy maqolalar kelib tushgan. Shu kuni esa xorijlik va mahalliy olimlar tomonidan  zamonaviy lingvistik tadqiqotlar va tillarni o‘qitishning innovatsion usullari bo‘yicha dolzarb masalalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar o‘qiladi.

Shu bilan birga anjumanda germanistika va romanistikaning dolzarb muammolari, aspektologiyaning dolzarb muammolari, zamonaviy qiyosiy-tipologik tadqiqotlar, zamonaviy tarjimashunoslik, lingvodidaktika va chet tili nutqiga o‘rgatishning pedagogik-psixologik tamoyillarining bugungi kundagi yechimini topishi kerak bo‘lgan masalalar muhokama qilinadi.

Nazokat Sodiqova,

SamDChTI nemis tili va adabiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi.