Chetdan kirayotgan ayrim dori vositalari uchun boj vaqtincha undirilmaydi

“Aholining dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika va eng zarur tovarlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma’lum qilindi.

Qarorga muvofiq, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartibning amal qilish davrida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat bo‘yicha bojxona chegarasi orqali o‘tkazilayotgan zarur dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika, ularni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan xomashyo, materiallar va substansiyalarga nisbatan bojxona bojlari undirilmaydi.

Tartib amal qilish davrida, istisno tariqasida, O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasiga quyidagi huquqlar berildi:

- import qilishda QQS bo‘yicha imtiyoz tatbiq etilmaydigan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatiga kiradigan ayrim tayyor dori vositalari va tibbiy buyumlarga 3 oygacha bo‘lgan muddatga QQS bo‘yicha imtiyoz amal qilishi to‘g‘risida qaror qabul qilish;

- ayrim turdagi eng zarur tovarlar ro‘yxatini shakllantirish va ularni import qilishda uch oygacha bo‘lgan muddatga bojxona boji va aksiz solig‘i stavkalarini 0 foizgacha kamaytirish.