Chetga ketish chiptasiga kompensatsiya

- Yaqinda birinchi marta chet elga ishlash uchun chiqmoqchiman. Tanishlarimning aytishicha, ketish uchun xarid qilgan chiptamga davlat kompensatsiya berarkan. Shu gap to‘g‘rimi?
- Bu masala davlat rahbarining “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan tartibga solinadi.
«Xorijda ish» mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:
- xorijiy tillar va (yoki) kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda - bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravarigacha miqdorda;
xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga «ishchi viza»ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun - BHMning 5 baravarigacha miqdorda;
- yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun - BHMning 2 baravarigacha miqdorda kompensatsiya to‘lanadi.Bundan tashqari, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir ishga olingan bunday xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi. Bunda:
- subsidiya 2024 yil 1 iyundan 2026 yil 1 yanvarga qadar ishga qabul qilingan shaxslarga nisbatan to‘lanadi;
- mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxs bilan tuzilgan va Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi subsidiya to‘lash uchun asos bo‘lib hisoblanadi.