Chimkentda o‘zbekistonlik talabalarning mahalliy yoshlar tomonidan kaltaklangani holati nazoratga olindi
O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari bergan ma’lumotga ko‘ra, 2019 yil 21 sentabr kuni Chimkent shahridagi Mintaqaviy ijtimoiy-innovatsion universitetda O‘zbekiston elchisi Saidikrom Niyazxodjayev, Chimkent shahar hokimligi vakillari, Universitet rektori Sandibay Boranbayev, Qozog‘iston Xalq assambleyasi raisi o‘rinbosari Sherzod Po‘latov, Qozog‘iston Xalq assambleyasining Chimkent shahri bo‘yicha raisi o‘rinbosari Muradali Xalmuradov, Qozog‘iston Respublikasi o‘zbeklarining «Do‘stlik» etnomadaniy birlashmalari assotsiatsiyasi raisi Ikram Xashimdjanov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Chimkent shahrida ta’lim olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash, qoidabuzarlarga qonuniy choralar ko‘rish va kelajakda noxush hodisalarning oldini olish uchun zarur profilaktika tadbirlarini o‘tkazish borasida ko‘riladigan choralar muhokama qilindi.
Mavjud muammolar Chimkent shahri mahalliy hokimiyati bilan birgalikda hal qilinib, ular diplomatik vakolatxona faoliyatiga har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti Qozog‘istonning Olmaota va Chimkent shaharlari, Sharqiy Qozog‘iston, Turkiston, Jambil va Qizil O‘rda viloyatlari hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatimizning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatadi: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16.