Chiqindi tashish narxi qancha?

Qodir ARABOV,

Past Darg‘om tumani.

  - O‘zbekiston Respublikasining "Chiqindilar to‘g‘risida"gi qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi "Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarorini bajarish maqsadida bu bo‘yicha joriy yil 28 iyunda viloyat hokimining qarori chiqqan.

Viloyat moliya bosh bosh­qarmasi xulosasi inobatga olinib qabul qilingan "Hududda sanitar tozalik xizmatlari uchun yangilangan tariflarni belgilash to‘g‘risida"gi ushbu qaror joriy yil 1 iyuldan kuchga kirgan.

Unga ko‘ra, Samarqand shahri bo‘yicha qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni yig‘ish va tashib ketish xizmati aholi uchun bir kishiga oyiga 2400 so‘m etib belgilangan. Tashkilotlar uchun esa 1 tonna uchun 64 192 so‘m, hajmga qarab hisoblanganda 25 780 so‘m to‘lov qilinadi.

Kattaqo‘rg‘on shahri va tumanlarda aholi uchun bu xizmat bir kishiga oyiga 2000 so‘m, tashkilotlar uchun bir tonnaga 77066 so‘m, 1 metr kub chiqindi uchun 30950 so‘m etib belgilangan.

Savolga viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi chiqindilarni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Shuhrat RASULOV javob berdi.