Chiqindidan suvenir, zardobdan sariyog‘, elektr va avtomobil jihozlari, qurilish mahsulotlari va qayta ishlashga e’tibor

Avval xabar berganimizdek Jomboy tumanidagi “SOF EXPO SAMARKAND” ko‘rgazmalar majmuasida gastronomik turizm, to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, oziq-ovqat, elektrotexnika, farmatsevtika sanoati, mebelsozlik va gilam mahsulotlarini ishlab chiqarish sohalariga ixtisoslashgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘tkazilmoqda.

Yarmarkaning ochilish tadbirida Prezident maslahatchisi o‘rinbosari G.Saidova, Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Muxtorov, viloyat hokimi E.Turdimov, tuman-shaharlar hokimlari va sohaga mas’ul o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

Sanoat yarmarkasida viloyatimiz ishlab chiqaruvchilari bilan birgalikda Buxoro, Toshkent, Farg‘ona va rossiyalik tadbirkorlar ham qatnashmoqda. Ko‘rgazmada 2500 ta sanoat korxonasi, shundan 20 dan ortiq tarmoq, 2375 ta hududiy korxona 240 dan ortiq o‘z mahsulotlarini taqdim etmoqda. Jumladan, 240 ta korxona 7,5 mingdan ortiq import o‘rnini bosuvchi mahsulotlari bilan qatnashmoqda. Bu galgi ko‘rgazmada korxonalar tomonidan elektr radiatorlar va konvektorlar, elektr jihozlar, yangi turdagi "TMG" rusumli transformatorlar, o‘simliklarni himoyalash uchun kimyoviy vositalar, gipsokarton uchun qog‘ozlar, avtomobil ehtiyot qismlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish moslamalari kabi 80 turdan ortiq raqobatbardosh mahsulotlar namoyish qilindi.

Bu galgi ko‘rgazmada ishlab chiqaruvchilarni majburiyatdan emas, balki manfaatdorlik ustuvor holda ko‘rgazmada qatnashayotganliklarini ko‘rish mumkin. Ishlab chiqaruvchilar har bir ishtirokchiga alohida e’tibor qaratib, qiziqqan mahsuloti bo‘yicha batafsil tushuntirishda, har bir pavilonga mahsulotlarni joylashtirishda ham katta e’tibor qaratilgani bilan ajralib turibdi.  

Yarmarkada oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashga katta ahamiyat berilgan. Viloyatdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaradigan va qayta ishlaydigan 22 ta yirik va kichik korxona uchun alohida joylar ajratilib, ular tomonidan import qilinayotgan va mahalliylashtirishga tavsiya etilayotgan xomashyolar namoyish etilmoqda.

-  Korxonamiz qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanadi, - deydi “Bulung‘ur Sandvik” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi Abbos Mo‘minov. – Korxonamiz tasarrufidagi 300 gektar yer va fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma asosida yetishtirilgan mahsulotlardan kuniga 15-20 tonnadan 60-70 tonnagacha qayta ishlab AQSh, Yevropa va Osiyo davlatlariga eksport qilamiz. Har bir davlatning muvofiqlik sertifikati olingan va shu asosda mahsulot sotamiz. Hamkorlik doirasida joriy yilning birinchi choragida 2,5 million dollarlik mahsulot eksportini amalga oshirdik. Bugungi ko‘rgazmaga quritib qayta ishlangan 20 ga yaqin mahsulotimizdan namunalar olib keldik va yangi hamkorlik kelishuvlariga erishish niyatidamiz.

Forum doirasida panel sessiya va muhokamalar ham o‘tkazildi. Jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari importini qisqartirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish va mahalliylashtirishni chuqurlashtirish mavzusidagi muhokamada sanoati rivojlanmagan davlat boy bo‘la olmasligiga e’tibor qaratildi.

-  2022 yilda viloyatimizda 65 million dollarlik oziq-ovqat mahsuloti import qilingan, o‘tgan 2023 yilda esa bu raqamlar 21 million dollarga qisqargan, - dedi viloyat hokimi. – Hozirda viloyatimizda 2200 ta oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona bor va ularning 1966 tasi faoliyat yuritmoqda. Bu yo‘nalishdagi korxonalar soni keyingi besh-olti yilda qariyb ikki barobar oshdi. Sektor rahbarlari va iqtisodiy blok mas’ullari bilan birgalikda vaqtincha ishlamasdan turgan 234 ta korxonani o‘rganish va faoliyatini tiklashni asosiy maqsadga aylantirganmiz. Ishlab turgan korxonalarni esa to‘liq quvvatda ishlashini ta’minlash va asosiysi ilmga asoslangan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, talabga mos mahsulot taqdim qilishga e’tibor qaratishimiz kerak.

Ko‘rgazma doirasida alohida pavilonda viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalarining 70 ga yaqin innovatsion startap loyihalari namoyish etilmoqda. Jumladan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali raqamli kutubxona, Tailandcha muzqaymoq, kapideim san’ati (kapalakli buket), rezinart san’ati (chiqindidan suvenir ishlab chiqarish), 3D printerda mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun binolar maketlari, esdalik sovg‘alar va suvenirlar ishlab chiqarish va mobil telefon orqali boshqariladigan uydagi is gazining me’yorini o‘lchovchi qurilmalar namoyish etilmoqda. Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti talabalari esa o‘rik turshagini qayta ishlab, maydalagan holda bir marta foydalanishga moslab qadoqlash texnologiyasini taqdim etmoqda. Shuningdek, institutning 3-bosqich talabasi Sevinch Alibekova matsarella pishlog‘ini ishlab chiqarishda katta miqdorda ajralib chiqadigan zardobdan sifatli va iste’molga yaroqli sariyog‘ ishlab chiqarish texnologiyasini taqdim etdi. Bu loyiha viloyat hokimligi huzuridagi Tadbirkorlar kengashi tomonidan 45 million so‘m miqdorida moliyalashtirilgan va oliygohning o‘zida mahsulot ishlab chiqarish uchun zaruriy uskunalarni xarid qilinib, 3 ta ish o‘rni yaratilgan. Hozirda barcha tekshiruvlardan o‘tgan va sifat sertifikatiga ega bo‘lgan, iste’molga yaroqli matssarella pishlog‘i, yogurt, “sirniy palochka”, sariyog‘, qatiq, tvorog va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarib, savdo do‘konlariga yetkazib bermoqda.

Ko‘rgazma doirasida tarmoq va hududiy korxonalar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish uchun V2V, V2G formatidagi uchrashuvlar ham tashkil etilmoqda.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).