Avtobuslar yetishmaydi, avtostansiya va bekatlarda muammolar bor
Avtobuslar yetishmaydi, avtostansiya va bekatlarda muammolar bor
Viloyat aholisiga 414 ta jamoat transporti xizmat ko‘rsatmoqda. Shundan Samarqand shahrida ro‘yxatdan o‘tgan 351 ta avtobusdan 221 tasi shahar avtobus yo‘nalishlarida harakatlanadi. Biroq bu ko‘rsatkich Samarqand shahri uchun talab qilinadigan avtobuslarning 44,2 foizini tashkil qiladi, xolos. Tumanlarda ham avtobuslar yetishmaydi, Nurobod, Oqdaryo va Toyloq tumanlarida ro‘yxatdan o‘tgan birorta ham avtobus mavjud emas.
Bu raqamlar viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Tojiyev ishtirokida joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar, tizimdagi muammo va kamchiliklarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytildi.
- Viloyatda 17 ta avtostansiya hamda 1422 ta avtobus oraliq bekati mavjud, - deydi R.Tojiyev. - Avtostansiyalar tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli bo‘lsa, 1033 ta bekat avtomobil yo‘llari boshqarmasi balansida, 389 tasi tadbirkorlik sub’yektlariga qarashli. Mazkur bekat va avtostansiyalarning holati o‘rganilganda bir qator kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, me’yoriy-texnik standartlarga asosan, avtobus oraliq bekatlari yo‘lovchilarni tushirish-chiqarish maydonchasi, avtobuslar kirish va to‘xtash qismi, piyodalar kirish va chiqish qismi, yo‘l belgisi, ayvon, o‘rindiqlar, nogironlar uchun chiqish-tushish yulakchasi (pandus), chiqindi qutisi va axborot ko‘rsatkichlari kabi elementlar bilan jihozlanishi belgilangan bo‘lsa-da, aksariyat bekatlarda yuqoridagi talablarning deyarli birortasi bajarilmagan.
Ishtixon tumanidagi “Avtoservis Ishtixon” MChJga qarashli “Ishtixon”, “Suxrob avto trans” MChJga qarashli “Mitan” avtostansiyalari tomonidan bu borada hech qanday ish qilinmagan. Paxtachi tumanidagi “Paxtachi Tashkiliy Avto” MChJga qarashli “Ziyoddin” avtostansiyasida esa jamoat transportiga chiqish perronlari me’yoriy-standartlarga javob bermaydi hamda avtobuslar kirib-chiqadigan uchun yo‘laklar ta’mirtalab. Narpay tumanidagi “Samarqand Ideal Servis” MChJga qarashli “Mirbozor” avtostansiyasi hududi esa chiqindilardan tozalanmagan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoit yaratilmagan, hududga kirish va chiqishda xavfsizlik choralari ko‘rilmagan.
Payariq tumanidagi “Ottava KAN” MChJga qarashli “Payariq” avtostansiyasi Prezidentimizning 2022-yil 12-iyuldagi “2022-2026-yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, bu ish amalga oshirilmasdan qolgan. Ayni paytda tizimdagi muammo va kamchiliklarni bartaraf qilish borasida mas’ul tashkilot rahbarlariga topshiriqlar berilgan va amaliy ishlar olib borilmoqda.
Yangi yo‘nalishlar ochilgan
Matbuot anjumanida tumanlarda aholining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida bir qancha yangi yo‘nalishlar tashkil etilgani ma’lum qilindi. Jumladan, 346-raqamli “Mirbozor ABB – Do‘stlik mahallasi – Mirbozor ABB” shahar atrofi avtobus yo‘nalishi, 323-sonli “Juma ABB-Charxin qo‘rg‘oni-Gulobod Eko Agrologistika bozori”, 454-raqamli “Mani qishlog‘i – Xo‘ja Ismoil mahallasi – Chelak shahri – Payariq ABB”, 455-raqamli “G‘allakor mahallasi – Payariq ABB” hamda 464-sonli “Esaboy mahallasi (43-maktab)-Juma ABB” yo‘nalishli taksi yo‘nalishlari tashkil etilib, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Shahar avtobuslari brutto-shartnomasi bo‘yicha ishlash tizimiga o‘tmoqda
Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi «Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Samarqand shahrida muntazam shahar avtobus yo‘nalishida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimining bosqichma-bosqich ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand shahar avtobus yo‘nalishlari tender tanlovlariga chiqarilib, yetti yo‘nalishda “Marokand trans 777” MChJ g‘olib deb topildi va brutto-shartnomasi tuzilgan.
- Brutto-shartnoma tizimi tashuvchi korxona va nazorat qiluvchi organ o‘rtasida tuziladi, - deydi Ravshan Tojiyev. - Bunda tashuvchiga korxonaga jamoat transportiga qo‘yilgan talablarni, ya’ni yo‘nalish chizmasiga to‘liq rioya qilish, yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish, oraliq intervalga amal qilish, ish boshlanishi va tugashi tartibini bajarish vazifasi yuklatiladi. Shuningdek, shahar avtobus yo‘nalishlarini monitoring va nazorat qilish uchun tashkil etilgan “Samarqand yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi “UzBusMonitoring” (IVMS) axborot tizimi kuzatuv ishlari olib bormoqda. Kuzatilayotgan tirbandliklarni hisobga olgan holda jamoat transportiga ustunlik berish maqsadida Samarqand shahrining Abu Ali ibn Sino, Bo‘stonsaroy ko‘chalarida hamda Universitet xiyobonida avtobuslar uchun alohida tasma tashkil etilgan. Yaqinda shaharning Gagarin ko‘chasida ham avtobuslar uchun alohida tasma tashkil qilish rejalashtirilgan.