Chiqindidan xonadon uchun zamonaviy elektr jihozlari ishlab chiqarilmoqda

Viloyatimizda chiqindilarni boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan OAV vakillari uchun tashkil etilgan press-turning ikkinchi kunida ishtirokchilar Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Anvarjon Biznes invest” MChJ va «Mansurbek qo‘rg‘on servis» MChJ sanitar tozalash korxonalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
O‘n yildan buyon faoliyat olib borayotgan mazkur korxonalar Kattaqo‘rg‘on shahridan tashqari Kattaqo‘rg‘on, Narpay va Paxtachi tumanlari hududlaridagi 200 dan ortiq mahallalarda yashovchi 700 mingga yaqin aholiga sanitar tozalash xizmatini ko‘rsatadi. Hududlarda tashkil etilgan 28 ta chiqindi saralovchi shoxobchalarda jamlanib, so‘ngra qayta ishlovchi korxonaga jo‘natiladi. Buning uchun 90 ta turli maxsus texnikalar jalb qilingan bo‘lib, ular to‘liq GPS-onlayn tizimiga ulangan. Korxona ishchilari tomonidan bir kunda 280 tonna chiqindi olib chiqilib, shuning 20 tonnasi qayta ishlanadi.
Joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida 50 ming 400 tonna olib chiqilgan chiqindining 3 ming 600 tonnasi qayta ishlanib, tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi hamkor korxonalarga jo‘natilgan. Ulardan elektr kabel va jihozlari, karniz, plintus, shuningdek, plitka qoplamalar uchun turli bo‘yoqlar ishlab chiqarilmoqda.
- Bugungi kunda korxonamizga qarashli 8 ta minizavodda plastik, polimer, metall, shisha, rezina, karton-qog‘oz kabi 13 turdagi chiqindini qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan, - deydi tadbirkor ayol Gulmira Jumayeva. - Viloyatimizdan tashqari Farg‘ona, Jizzax, hamda Toshkent shahri va viloyatidagi bir qator qurilish mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni xom ashyo bilan ta’minlab kelyapmiz. Korxonamizda modernizatsiya ishlarini amalga oshirish maqsadida yangi qurilayotgan binoga o‘rnatish uchun Xitoydan 3,5 milliard so‘mlik yangi zamonaviy asbob-uskunalar olib kelyapmiz.
Korxonalarda mehnat qilayotgan 426 nafar ishchining 120 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj daftarlarga kiritilgan aholi vakillari, shu jumladan 30 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar ham ish bilan ta’minlangan.
Tadbirkor o‘z faoliyatini kengaytirish maqsadida shu yilning may oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham “Eko-Shimkent” chiqindi saralovchi korxonasini tashkil etgan edi. Mazkur korxona to‘liq ishga tushirilsa, o‘nlab mahalliy aholi vakillari ham yangi ish o‘rni bilan ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, bugun respublikamizda faoliyat yuritayotgan 270 ta chiqindilarni qayta ishlovchi korxonalar tomonidan bir oyda yig‘ilgan 14 million tonna chiqindining 5,2 foizigina qayta ishlanadi, xolos.
Dilmurod TO‘XTAYeV.